Yuan (sulola)
Yuan, Da Yuan (Buyuk Yuan) — Moʻgʻuliston va Xitoyda hukm surgan moʻgʻul sulolasi (13—14-asrlar). Xitoyni istilo etishni Chingizxon boshlab bergan, uning vorisi Oʻqtoyxon davrida 1234-yilga kelib Shimoliy Xitoy moʻgʻullar tomonidan boʻysundirilgan. 13-asrning 50-yillari oxirida Moʻgʻullar davlati amalda bir necha mustaqil davlatlarga parchalanib ketgan. Ulardan biri Xubilay davlati edi (xonlik taxtiga 1260-yil oʻtirgan). Bu davlat tarkibi dastlab Moʻgʻuliston va Shimoliy Xitoydan iborat edi. 1271-yil Xubilay oʻz sulolasiga xitoycha Yuan nomini bergan. 1279-yil Xubilay qoʻshinlari Janubiy Sun saltanatini tugatib Janubiy Xitoyni istilo etishni yakunlashgan. Vyetnam, Birma va Yaponiyaga qilingan yurishlar natija bermagan. Xubilayning birinchi vorisi Temur (1295— 1307)dan soʻng taxt uchun qattiq kurash boshlangan. 1308—32 yillarda 6 ta imperator oʻzgargan. Toʻgon Temur davrida (1333—68) Xitoyda xalq qoʻzgʻolonlari boshlangan. Ulardan eng yirigi "Qizil qoʻshinlar" nomi bilan mashhur boʻlgan. 1368-yil Yusufiy sulolasi agʻdarilib xitoyliklarning Min sulolasi hokimiyat tepasiga kelgan. Chingiziylarning Moʻgʻulistondagi hokimiyati ham tanazzulga uchrab bir qancha mayda mulklarga boʻlinib ketgan.
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |