Kontent qismiga oʻtish

Tanavor

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Tanovardan yoʻnaltirildi)

"TANAVOR", "Tanovar" (fors. jasur, qudratli, kuchli) — 1) oʻzbek xalq lirik kuyi; Fargʻona vodiysida keng tarqalgan. Oʻn beshdan ortiq ashula va cholgʻu yoʻllari maʼlum. Ashula yoʻllaridan ommaviylashgan "T.1" xalq sheʼri ("Qora sochim") bilan, "T.2" Muqimiy sheʼri ("Endi sendek...") bilan aylatiladi. T. ashulalarida oʻzbek ayolining maʼnaviy goʻzalligi oʻz aksini topgan. T.ning cholgʻu yoʻllaridan "Gulbahor" kuyi bilan ketma-ket ijro etiladigan varianti ommaviylashgan. "T.1"ni 1937-yil A.Kozlovskiy H.Nosirova ijrosida notaga olib, xonanda va simfonik orkestr uchun qayta ishlagan, keyinchalik "T." nomli simfonik poema (1952) va balet (1968) yaratgan. "T,2"ni T. Sodiqov xonanda va orkestr uchun, M.Burhonov joʻrsiz xor uchun kayta ishlagan. T. variantlari va ularning ohanglaridan S. Vasilenko va M. Ashrafiy ("Boʻron"da Norgul, "Sevgi tumori"da Izzat partiyalarida), G.Mushel ("Gʻazallar" siklida) va boshqa foydalanishgan, T. asosida Yu. Rajabiy "Yuzni oydek..." qoʻshigʻini yaratgan. T. kuyining turli yoʻlllarini A. Kozlovskiy (10 ga yaqin variantini), Yu. Rajabiy (5 dan ortiq variantini) va boshqa notaga olgan. Bularning ayrimlari J.Sultonov, B.Mirzayev, T.Qodirov talqinida ommaviylashgan; 2) anʼanaviy oʻzbek xalq raqsi. T. kuyining turli yoʻllari asosida ijro etiladi, 1943-yil M. Turgʻunboyeva saxnalashtirgan T. raqsi keng tarqalgan. Unda oʻzbek qizining sevgilisi bilan uchrashish va visolga yetishi mukarrarligi aks ettirilgan.

Ad.:Tanavorlar (toʻplovchi vanashrgatayyorlovchi I.Gʻaniyeva), T., 2003.