Falaj
Falaj (arabcha), shol — ixtiyoriy harakatlar qilish qobiliyatining yoʻqolishi; nerv sistemasining organik va funksional zararlanishi natijasida roʻy beradi. Falajga qon aylanishining buzilishi, bosh va orqa miyaning yalligʻlanishi yoki shikastlanishi, nerv sistemasining oʻsmalari va hokazolar sabab boʻladi. Muskullar yalligʻlanib, suyak-boʻgʻim apparati shikastlanganda harakatlarning mexanik tarzda cheklanishini falajdagi buzilishdan farqlash lozim.
Aʼzoning qaysi qismi zararlanganiga qarab periferik (suyet) falaj va markaziy falaj farq qilinadi. Markaziy falajda zararlangan qoʻlning bukilishini va zararlangan oyoqning yozilishini maʼlum vaziyatda tutib turadigan muskullar tortishib qoladi. Periferik nerv sistemasi kasalligi (yalligʻlanish, shikastlanish, qoʻrgʻoshin, margimushdan zaharlanish) natijasida yuzaga kelgan falaj periferik falaj deb ataladi. Unda muskullar ingichkalashib, tarangligi susayadi va zaiflashadi, qoʻl va oyoq osilib qoladi, boʻgʻimlar boʻshashadi. Bunday falaj bola yoshligida, masalan, poliomiyelitda roʻy bersa, kasal qoʻl yoki oyoq oʻsmaydi. Oʻtkazib yuborilgan falajda boʻgʻimlarning harakatlanishi qiyinlashadi, u qoʻl va oyoqning notoʻgʻri holatda boʻlishiga olib boradi, bu esa koʻpincha harakatlanishni falajdagidan ham battarroq ogʻirlashtirib qoʻyadi.
Kallamiya nervlari kasalligida (yalligʻlanganda, shikastlanganda kalla suyagi ichiga, miyaga qon quyilganda) yuz muskullari falaji roʻy berishi mumkin. Masalan, koʻz soqqasi muskullari falajida bemor koʻziga narsalar ikkita boʻlib koʻrinadi, yuz nervi nevritida yuzning tegishli yarmida mimika muskullarining harakati yoʻqoladi, til osti nervi zararlanganda til muskuli falaji kelib chiqadi, bemor gapirish va ovqatlanishta qiynaladi. Falaj boʻlgan bemorga shifokor nazorati ostida davolanadi. Bunda, asosan, qon aylanish aʼzolari hamda markaziy yoki periferik nerv sistemasi kasalliklari davolaniladi. Falaj yoki parez (chala falaj) tufayli oʻz funksiyasini yoʻqotgan qoʻl yoki oyoq toʻgʻri bukilib yoziladigan, tirsak va tizza boʻgʻimi, barmoqlar, oyoq panjasi bir oz bukiladigan, kaft oldi bilak boʻgʻimi yoziladigan holga keltiriladi. Qoʻl va oyoqning toʻgʻri holatda boʻlishini saqlash uchun yumshoq bolishcha (paxtani qattiq qilib oʻrab ustidan mato bilan tikib qoʻyiladi) yoki plastik materialdan qilingan shina ishlatiladi. Biroq kasal qoʻl va oyoq harakatsiz qolmasligi lozim. Shu sababli birinchi kundan boshlab yengilroq gimnastika qilinib, kasal qoʻl yoki oyoq boʻgʻimlari galma-galdan bukib yoziladi, buni bemorning oʻzi bajarishi mumkin. Mashaklar ham harakatning tiklanishiga yordam beradi, bunda bemor bir vaqtda ham sogʻlom, ham kasal qoʻl va oyogʻini harakat qildirishga urinishi, qoʻl va oyoqda harakat paydo boʻlsa, uni kuchaytira borishi kerak. Bemor kun sayin juda boʻlmasa 1-2 sm oshiqroq yurishga harakat qilishi, muskullar kuchaya borishi bilan qoʻlga ogʻir kelmaydigan mashqlar (rezina lenta, espander, rezina koptok yordamida) bajarishi lozim. Yuklama (nagruzka)ni bosqichma-bosqich kuchaytira borish yaxshi natija beradi, zoʻr keladigan mashqlarga shoshib oʻtish yaramaydi, aks holda harakatlarning tiklanishi toʻxtab qoladi.
Mashklar tartibini davo fizkulturasini oʻtkazuvchi mutaxassis tuzadi. Kuchsiz qoʻloyoqdagi qarakatlarni osonlashtirish uchun ortopedik apparatlar ishlatiladi. Davo falajga sabab boʻlgan asosiy kasallikka qarab olib boriladi, davolash badan tarbiyasi, massaj, dori-darmon va boshqa fizioterapevtik muolajalar buyuriladi.
Falaj va parezlarning oldini olish, asosan, ularning rivojlanishi va asorat qoldirishiga sabab boʻladigan kasalliklarni bartaraf etishdan iborat. Bolalarni poliomiyelitga qarshi emlash, ayniqsa, katta ahamiyatga ega (qarang: Emlash).
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |