Kontent qismiga oʻtish

Abdullanoma

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Sharafnomai shohiydan yoʻnaltirildi)

"Abdullanoma", "Sharafnomai shohiy" — Movarounnahrning XVI asrdagi tarixiga bagʻishlangan tarixiy asar. Hofiz Tanish Buxoriy tomonidan 1584—1590 yillar oraligʻida fors tilida yozilgan.

Asar Buxoro hukmdori Abdullaxon II ga bagʻishlanib, „Sharafnomai shohiy“ va qisqartirilgan ayrim nusxalari „Zafarnomai Abdullaxon“ nomlari bilan ham ataladi. Asar nazm aralash qofiyalangan nasr bilan yozilgan bo'lib, muqaddima, ikki maqola (qism) va xotimalardan iborat. Ammo asarning oxirgi qismi yozib tugatilgani maʼlum emas. Asar muqaddimasida Abdullaxonning hokimiyatga kelguniga qadar Movarounnahrda yuz bergan siyosiy voqealar — Chingizxonning istilosi va moʻgʻullar hukmronligi, Dashti Qipchoqda Abulxayrxon davlati (1428 — 1468)ning barpo boʻlishi, Shayboniyxon (1451 — 1510)ning Xurosonga yurishlari, shayboniylar bilan Zahiriddin Bobur oʻrtasidagi harbiy toʻqnashuvlar hamda Abdullaxonning nasli va nasabi toʻgʻrisida hikoya qilinadi. „Abdullanoma“ning asosiy qismida Shayboniyxondan soʻng Movarounnahrdagi siyosiy vaziyat, uning bir qancha mayda hokimliklarga boʻlinib ketishi, Abdullaxonning markaziy hokimiyatni mustahkamlash va mamlakatni siyosiy jihatdan birlashtirishga qaratilgan harakatlari, uning Dashti Qipchoq va Xurosonga yurishlari, XVI asrning 80 — 90-yillarida Buxoro, Xorazm va Badaxshondagi siyosiy vaziyat hamda Xorazm bilan Badaxshonning Buxoro xonligiga qoʻshib olinishi kabi tarixiy voqealar bayon etiladi. Asarda XVI asrda Movarounnahr bilan Turkiya, Hindiston va Eron oʻrtasidagi munosabatlarga hamda Rossiya bilan savdo aloqalariga oid maʼlumotlar bor. Unda XVI asrda Buxoro xonligi qoʻshinlarining tuzilishi, harbiy taktikasi, qurol-yarogʻlari hamda Movarounnahrda, shu jumladan Buxoroda qurilgan meʼmorchilik obidalari va suv inshootlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar keltiriladi. Tarixiy asarda Movarounnahr xalqlarining etnik tarkibi, jumladan qangʻli, qipchoq, qorliq, xalaj, ogʻajiri, uryonqit, qoʻngʻirot, orlot, uygʻur, sulduz, bayovut, doʻrmon va boshqa qavmlarning kelib chiqishi va ularning urf-odatlari toʻgʻrisida maʼlumotlar bor. Uni yozishda Xofiz Tanish Narshaxiyning „Buxoro tarixi“, Rashiduddinning „Jome at-tavorix“, Juvayniynnj „Tarixi jahon kushoy“, Mirxondning „Ravzat us-safo“, Sharafuddin Ali Yazdiyning „Muqaddimai Zafarnoma“, Koshifiyning „Rashahot ayn al-hayot“, Mirzo Haydarning „Tarixi Rashidiy“ va boshqa tarixiy asarlardan foydalangan boʻlsada, ammo asarning asosiy qismi XVI asrda sodir boʻlgan koʻpgina tarixiy voqealarni oʻz koʻzi bilan koʻrgan shohidlardan toʻplangan materiallar asosida yozilgan. Bu asar Movarounnahr xalqlarining XVI asrdagi siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy hayotini oʻrganishda birinchi darajali manbalardan hisoblanadi. Asarni 1942 — 1951 yillarda oʻzbek sharqshunos olimi S. Mirzayev (1885 — 1961) oʻzbek tiliga tarjima qildi. B. Ahmedov uni toʻldirib va tuzatib qayta nashr etdi (1999-2000)[1].

  • Hofiz Tanish ibn Mirmuhammad Buxoriy, Abdullanoma, 1-jild, T., 1966;
  • 2-jild, T., 1969;
  • [akademik B. Ahmedov qaytatayyorlagan], 1-jild, T., 1999;
  • 2-jild, T., 2000;
  • Umnyakov I. I., „Abdullaname“ Xafiza Tanisha i yeyo issledovateli, Zapiski kollegii vostokovedov pri Aziatskom muzee Rossiyskoy Akademii nauk, t. 5, L., 1930;
  • Ahmedov B., Munirov K,., Hofiz Tanish Buxoriy, T., 1963.
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil