Xalaj
Xalaj (Qoloch) – qadimgi turkiy qabila.
Xalajlar dastavval (VI asr) Talas vodiysida, Qoshgʻarda yashashgan. VII—VIII asrlarda katta qismi Toxaristonga (asosan, Janubiy Turkistonga va Movarounnahr yerlariga) borib oʻrnashganlar, vaqt oʻtishi bilan xalajlar tub yerli aholi bilan aralashib ketgan. Ayrim qabilalar oʻz etnik nomlarini XX asr boshlarigacha saqlab qolganlar. Xalajlar afgʻon-xiljoylarning shakllanishida hal qiluvchi rol oʻynagan. Shuningdek, xalajlar Eronning janubidagi koʻchmanchi turkiy qabilalar – qashqaylarning muxim komponentlaridan birini tashkil etgan. Tojikistonning janubi va Vaxsh vodiysidagi xalajlar esa, XVI asr boshlaridayoq mustaqil etnik birlik xisoblangan. XIX asrga oid yozma manbalarda xalajlar Amudaryoning oʻrta oqimidagi turkman qabilalari qatorida tilga olingan. Oʻrta asrlarda xalajlar tarqoq holda Movarounnaxrning boshqa viloyatlarida (jumladan, Zarafshon vodiysi va Qashqadaryoning yuqori qismida) ham yashagan. Hozirgi xalajlar avlodlari Eron, Zakavkazye va Afgʻonistonda turk va eron tilli xalqlarda etnik nom sifatida shakllanib qolgan. Ularning bir qismi Surxondaryoda va Zarafshon vodiysida mahalliy turkiy aholi bilan aralashib ketgan va oʻzbek xalqining bir qismiga aylangan[1].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ OʻzME
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Bartold V. V., Ocherk istorii Semirechya, Sochineniya, t.2, ch. 1, M., 1963;
- Shoniyozov K., Oʻzbek xalqining shakllanish jarayoni, T., 2001.
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |