Kontent qismiga oʻtish

Publitsistika

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Publitsistdan yoʻnaltirildi)

Publitsistika (lotincha: publicus - ijtimoiy) — davrning ijtimoiy-siyosiy va boshqa dolzarb masalalariga bagʻishlangan adabiy ijod turi. P.ning vazifasi ijtimoiy fikr uygʻotish va uni shakllantirish, maʼlum maqsadga yoʻnaltirish, hujjatli fakt-maʼlumotlar asosida voqelik manzarasini yaratishdan iborat. Hozirgi zamon ijtimoiy hayoti, unga aloqador oʻtmish va kelajak faktlari P.ning predmetidir. Hayotda ijtimoiy faoliyat, ong-qarashlarning salmogʻi ortgan sari publitsistning, yaʼni ijodkorning voqelikka faol aralashuvi, fikrni bevosita oshkora, dangal ifodalash tamoyili ham oshdi. P. fan, sanʼat, adabiyot asarlari tarkibiga tobora koʻproq kirib bormoqda. Publitsistik roman, pyesa, kino asarlari paydo boʻlmoqda.

Voqelik faktlarini mantiqiy va obrazli umumlashtirib ifodalovchi maqola va boshqa yirik asarlargina emas, balki matbuot janrlarining hammasi ham P.ga kiradi. P. mavzu xususiyatlari jihatidan falsafiy-siyosiy, iqtisodiy, maʼnaviy-axloqiy, adabiy, tanqidiy; uslub jihatidan bahs-munozarali, tashviqot-targʻibot, tanqidiy-tahliliy, hajviy koʻrinishlarga ega. P. janr jihatidan voqeiy-informatsion (xabar, reportaj, hisobot), tahliliy (maqola), badiiy-publitsistik (ocherk, felyeton, pamflet, yozuvchi maqolasi) turlarga boʻlinadi. P. hayot faktlarini chuqur taxlil va tadqiq etish, yaʼni ijtimoiy-publitsistik tadqiqot orqali voqelikni kashf etadi. Shu jihatdan u ijtimoiy fanga yaqinlashadi. P. ilmiy-nazariy xususiyatlarga ega boʻlishi, u yoki bu fan masalalarini publitsistik maqola tarzida talqin va tashviq etishi mumkin. P.ning shakli, ichki tuzilishi mantiqiy tafakkur va obrazlilikning oʻzaro birikuvidan iborat. P. janrida obraz oʻziga xos meʼyorda qoʻllanadi. Publitsist shaxsiyati shoir shaxsiyati singari oʻzining boy ichki dunyosi, nuqtai nazari bilan namoyon boʻladi.

Oʻrta Osiyo xalklari tarixida P. ancha qadimiydir. P. xususiyatlari "Qobusnoma" (P-asr)da yaqqol koʻzga tashlanadi. Navoiyning "Majolis un-nafois", "Munshaot", "Mahbub ul-qulub" asarlarida P.ning tugal xususiyatlari uchraydi. Navoiyning Abdurahmon Jomiy, Pahlavon Muhammad, Sayid Hasan Ardasher va boshqa xaqidagi adabiy portretlarini publitsistik ocherklar, deb atash mumkin. Navoiy nasriy asarlarini chuqur tadqiq etish uni oʻzbek badiiy P.sining asoschisi, deb atashga imkon beradi. Publitsistik xususiyat oʻzbek mumtoz adabiyoti asarlari tarkibiga ham singib ketgan. Oʻzbekistonda ijtimoiy hayotga doir dastlabki publitsistik maqolalar "Turkiston viloyatining gazeti" sahifalarida chop etilgan. Biroq milliy uygʻonish (jadidchilik harakati)ning kuchayishi natijasida yuzaga kelgan milliy matbuot oʻsha davrdagi jamiyatning kamchilik va illatlarini ochiqoshkora bayon etgan, hatto xalqaro hayotga oid muammolarni tezkor sharhlaganligi bilan ham qadrlidir. Ayniqsa, bunday maqolalar "Taraqqiy" gaz.dan boshlab keng koʻlamda koʻrina boshlaydi. I. Obidiy, M. Behbudiy, Fit-rat, Choʻlpon, U. Xoʻjayev, A. Avloniy, H. Muin, M. Abdurashidxonov, S. Aj-ziy va boshqa hurfikr jadid ziyolilari qalamiga mansub oʻlka va xalqaro may-dondagi ijtimoiy-siyosiy, fan va taʼlim, madaniyat va sanʼat, milliy siyosat va boshqa masalalarga bagʻishlangan publitsistik maqolalar "Shuhrat", "Xurshid", "Osiyo", "Sadoi Turkiston", "Sadoi Fargʻona", "Najot", "Turon", "Hurriyat", "Yurt" kabi gaz. va jurnal sa-hifalarida chop etilgan. Xususan, Beh-budiyning oʻzi tomonidan nashr etilgan va bosh muharrirlik qilgan "Samarqand" gaz. hamda "Oyna" jur.da chop qilingan maqolalari oʻsha davr jamo-atchiligi tomonidan zoʻr qiziqish bilan qarshilangan ("Sayohat xotiralari", "Til masalasi", "Bizni kemirguvchi illatlar", "Ehtiyoji millat" va boshqalar).

90-yillardan soʻng oʻzbek milliy jurnalistikasida ham oʻziga xos oʻzgarishlar kuzatildi. Anʼanaviy sharhlash jurnalistikasi oʻrniga yangiliklar jurnalistikasi paydo boʻldi. Natijada publitsistik janrlar axborot janrlariga koʻproq oʻrin bera boshladi. P. keyingi yillarda yuqori bosqichga koʻtarildi. Ozod Sharofiddinov, Oʻtkir Hoshimov, Ibrohim Gʻafurov, Naim Karimov, Xurshid Doʻstmuhammad, Erkin Aʼzam, Sultonmurod Olim va boshqa oʻzlarining dolzarb publitsistik maqolalari bilan oʻzbek P.siga munosib hissa qoʻshib kelmoqdalar.

P.ning yozma va ogʻzaki shakllaridan tashqari grafik-tasvir (plakat, karikatura va boshqalar), fotokinematografik (hujjatli kino), teatr-dramatik (agitbrigada va boshqalar) shakllari ham bor.

  • Gazetnie janri, M., 1971; Togʻayev O., Publitsistika janrlari, Toshkent, 1976; Zohidov V. Y., Tanlangan asarlar, 3 jildli, T., 1976-78.

Norali Ochilov.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil