Biokimyo instituti
Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Biokimyo instituti — ilmiy tadqiqot muassasasi, 1967-yil Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Oʻlka meditsinasi institutining biokimyo laboratoriya. bilan Zoologiya va parazitologiya institutining biokimyo va biofizika boʻlimi negizida tashkil etilgan. Institutda olib boriladigan tadqiqotlar biologik sistemalar tuzilishining biokimyoviy asoslari va boshqaruvini oʻrganish, tirik organizmlar faoliyatining biokimyoviy va molekulyar mexanizmlarini tadqiq etish; normal va patologik holatlarda hujayra membranasi va hujayra ichidagi biokimyoviy jarayonlarga gormonlar va boshqa biologik faol moddalar taʼsirini oʻrganish, shuningdek ularning taʼsir mexanizmlaridagi yangi hodisalarni ochish; organizmda yod yetishmasligi hamda buqoq paydo boʻlishining biokimyoviy va molekulyar mexanizmlarini izlash, qandli diabetda glyukozaning hujayra ichiga oʻtmaslik sabablarining molekulyar asoslarini topish va hujayra qobigʻi tuzilishining ahamiyatini aniqlash, Oʻrta Osiyo ilonlaridan olinadigan zaharlar tarkibini oʻrganish va ulardan kimyoviy sof biologik faol moddalar (fermentlar, toksinlar, turli peptidlar) ajratib olish hamda ularning tirik organizmlarga taʼsir etish jarayonlarini oʻrganishdan iborat. Hujayra va sunʼiy membranalarning oʻzaro taʼsirini oʻrganish asosida original liposomalar yaratish usuli ishlab chiqilgan. Liposomalar oʻz tarkibidagi fiziologik faol moddalar — dori-darmonlarni belgilangan aʼzolarga yetkazishni taʼminlaydi. Ularning bu xususiyati gen va membrana injeneriya sida qoʻllanadi. Bulardan tashqari, hayvon mahsulotlaridan ajratib olingan nerv oʻstiruvchi omil — radioprotektorlarning fizikkimyoviy xususiyatlari va taʼsir mexanizmlari ham oʻrganilmoqda. Institutda 8 laboratoriya. boʻlib, ularda 105 xodim, jumladan Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi 3 akademigi (Y. X. Toʻraqulov, J. H. Hamidov, T. Soatov), 14 fan doktori, 33 fan nomzodi faoliyat koʻrsatadi (2000). Institutda olib borilgan ilmiy ishlar hamda fundamental tadqiqotlar uchun institut olimlaridan bir guruhi Beruniy nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofotiga sazovor boʻlgan (1985, 1990, 1992).[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |