Kontent qismiga oʻtish

Listerioz

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Nevrellyozdan yoʻnaltirildi)

Listerioz, listerellyoz, nevrellyoz — odam va hayvonlarda uchraydigan yukumli zooantroponoz kasallik. Qoʻzgʻatuvchisi Listeria monocytogenes bakteriyasi. Kasallik manbai sichqonsimon kemiruvchilar, bemor va kasal hayvonlar. Odam L. bilan ogʻrigan hayvonning goʻshti, tuxumi, sutini isteʼmol qilganida, molxonadagi kanalar chaqqanida zararlanadi, baʼzan nafas yoʻllari orqali ham yuqishi mumkin. L. koʻpgina mamlakatlarda sporadik tarzda vaqti-vaqti bilan uchrab turadi. Kasallik diagnozi serologik va bakterio-logik tahlil natijalariga asoslanib qoʻyiladi. Davo — antibiotiklar.

Hayvonlarda kasallik markaziy nerv sistemasining zararlanishi, bola tashlash, mastit va septik kurinishlar bilan kechadi. Kasallik bilan qoramol, qoʻy, echki, choʻchqa, ot, quyon, parrandalar kasallanadi. Kasallik oʻtkir, yarim oʻtkir, baʼzan surunkali tarzda oʻtadi. Kasallikning yashirin davri 7—30 kun davom etib, hayvon holsizlanadi, harorati koʻtariladi, yurak faoliyati susayadi, boshini orkega tashlab yoki boʻynini egib yuradi, boʻyin muskuli tortishadi. Pastki jagʻi falajlanib, soʻlagi oqadi, ishtahasi yoʻqoladi, qaltiraydi, koʻz va ogʻiz shilliq pardalari zararlanadi, koʻzi koʻrmadi. Qoʻylarda koʻpincha markaziy nerv sistemasi faoliyatining buzilishi kuzatiladi va kasallikning 3—7-kunlari hayvon oʻladi.

Davolash: kasallikning boshlangʻich davrida antibiotiklar (tetratsiklin, terramitsin, streptomitsin), sulfanilamidlar beriladi.

Oldini olish: hayvonlarni alo-hida saqlash, sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilish, molxonalardan kemiruvchilarni yoʻqotish, nerv sistemasi zararlangan kasal hayvonlarni ajratib, kushxonaga joʻnatish, dezinfeksiya va deratizatsiya oʻtkazishdan iborat.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil