Kontent qismiga oʻtish

Naqqoshlik

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Naqshkorlikdan yoʻnaltirildi)

Naqqoshlik, naqshkorlik — amaliy sanʼatning qadimiy turi; naqsh yaratish kasbi[1]. Naqqosh usta qogʻozga yoki matoga naqsh mujassamotini yoki naqsh taqsimini chizib oladi (ayniqsa, girih va islomiy kabi murakkab naqshlarda), taxta, andoza tayyorlaydi. Amaliy sanʼat ustalari 2 xil usulda bezak yaratadilar: naqqoshlar tayyorlagan taxta, andoza yordamida hamda naqsh (gul), toʻgʻridan-toʻgʻri bezash jarayonida ustalar tasavvurining mahsuli sifatida yaratiladi. Naqqoshlikda naqsh, bezakni malakali naqqosh ustalar chizib beradilar, bunday naqshlarni meʼmorlik, gilamchilik, kashtadoʻzlik, kandakorlik va boshqa xillardagi naqsh mujassamotlarida birday uchratish mumkin. Naqsh yaratish ustadan did, mahoratdan tashqari qunt, uzoq mashq-malaka talab qiladi. Naqqoshlar oʻtmishda xalq ustalarining eng bilimdon, isteʼdodli qismini tashkil etgan, ular ustozlarda turli fanlardan taʼlim olgan, turli fanlarni (adabiyot, musiqa, tarix, kimyo, matematika) yaxshi bilgan.

Oʻrta Osiyo hududidagi meʼmoriy yodgorliklar, arxeologik qazilmalar naqqoshlikning bu yerda qadimdan rivojlanganligini koʻrsatadi. Amaliy bezak sanʼati turlari (kulollik, miskarlik, zargarlik, gilamchilik, kashtadoʻzlik, kandakorlik va boshqalar) hamda meʼmorlikning taraqqiyoti naqqoshlikning ham rivojini taqozo etdi. Qoʻyqirilganqalʼa, Tuproqqalʼa, Koʻhna Urganch, qadimgi Termiz, Ayritom, Bolaliktepa, Varaxsha, Afrosiyob va boshqa joylardan topilgan turli xil uslubdagi naqsh namunalarining jozibadorligi ajdodlarning yuksak madaniyatidan darak beradi. Naqqoshlik, ayniqsa, oʻrta asrlarda (9-12, 14-15, 18-19-asrlar) da keng tarqaldi. Kitobat sanʼatida qoʻlyozmalarni moʻʼjaz asarlar bilan bezashda naqqoshlik hamda musavvirlik asosiy oʻrin tutadi; meʼmorlikda naqshlarni qoʻllash, ayniqsa, taraqqiy etib, oʻz qonun-qoidalari hamda uslublari, oʻziga xos ranglarning uygʻunligiga va mustaqil mujassamotlariga ega boʻlgan.

Oʻzbekistonning turli viloyatlaridagi meʼmoriy yodgorliklar, idish, buyum, mehnat qurollaridagi naqshlarda umumiylik koʻzga tashlansa-da, Buxoro, Xiva, Fargʻona, Toshkent va boshqa joylarda shu yerlarning oʻziga xos naqsh uslublari vujudga kelgan. Naqqoshlik avloddan-avlodga oʻtgan, shogirdlar ustozlaridan oʻrgangan naqsh namunalarini isteʼdodlari darajasida boyitib borganlar va naqqoshlikni rivojlantirganlar. Oʻzbekiston hududi (turli mintaqalari)da oʻziga xos boʻlgan naqqoshlik maktablari shakllangan. Shunga koʻra, Xorazm, Buxoro, Samarqand, Fargʻona vodiysi, Toshkent naqqoshligi ayrim oʻziga xos xususiyatlari bilan bir-biridan farqlanadi. 20-asr oʻrtalaridan naqqoshlik-bezak mujassamotlariga tasvirlar (meʼmoriy obi-dalar, kishilar portretlari va boshqalar) ham kiritila boshlandi. Jumladan, kandakori buyumlar bezagida meʼmoriy obidalar, chinni buyumlar bezagida esa atoqli kishilarning portretlari va boshqal shu kabilar oʻz ifodasini topdi.

20-asr 90-yillaridan buyon naqqoshlik ustalari ijodiy markaz va uyushmalarga birlashgan holda ijod qilmoqda. Shu bilan bir qatorda, usta, musavvir, hunarmand ustalarning ijodi diqqatga sazovordir. Qolaversa, naqqoshlik keng taraqqiy etgan boʻlib, ustalar yangi qurilayotgan inshootlarda hamda madaniy yodgorliklarning taʼmirida faol ishtirok etmoqda. Bevosita ularning ishtirokida „Oqsaroy“ qarorgohi, Oliy Majlis binosi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi, „Turkiston“ konsert zali, Oʻzbekiston konservatoriyasi binolari bezalgan. Usta-naqqoshlardan M. Toʻrayev, A. Ilhomov, S Mahmudov, Q. Shoislomov, H. Nuraliyev, S. Shukurov va boshqalar naqqoshlikning rivojiga katta hissa qoʻshdilar. Bundan tashqari, naqqoshlik buyumlari bilan ustalar xorij koʻrgazmalarida ham faol qatnashishadi.

Shuningdek, malakali naqqosh va ustalar qadimdan usta-shogird usulida tayyorlanishgan. Hozirgi kunda ham shu usulda naqqosh ustalar tayyorlash saqlangan, shuningdek, maxsus bilim yurtlari, kollejlarda, badiiy markazlarda naqqoshlik boʻyicha ham muta-xassislar tayyorlanadi.

Poʻlat Zohidov[2].

  1. „Naqqoshlik va yog'och o'ymakorligi san'ati“. Qaraldi: 6-sentyabr, 2024-yil.
  2. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil