Komstok qurti
Bu maqolada ichki havolalar juda kam. |
Bu maqolaga boshqa birorta sahifadan
ishorat yoʻq. (avgust 2024) |
Komstok qurti, kometok chervetsi (Psiudococcus comstocki Huw.) — koksidiyalar kenja turkumiga kiradigan hasharot, ichki va tashqi karantin obyekti. Birinchi marta 1890-yilda AQShning Kaliforniya shtatida D.Komstok tomonidan topilgan. Urgʻochisining tanasi uzunligi 3–4 mm, tuxum qoʻyish davrida 5–6 mm ga yetadi. Tanasi oq mumsimon parda bilan qoplangan, chetlarida 17 juft mumsimon oʻsiq, shu jumladan, tana uzunligining yarmigacha boradigan ikkita dum ipi bor. Koʻzlari yirik, moʻylovlari 8 boʻlimli, erkagi 1,2—1,5 mm uzunlikda, qanotli, tusi qizgʻish, koʻzlari qora, qizil doiralar bilan oʻralgan. Moʻylovlari 10 boʻgʻimli. Urgʻochisi 600 ga yaqin tuxum qoʻyadi. Tuxumining kattaligi 0,3 mm, oval shaklda. Daraxtlar kovagida, oʻsimlik ildizlarida, xazon orasida, devor yoriqlarida tuxumlik bosqichida qishlaydi.
Bir yilda 3—4 avlod beradi. Aprel oyida tuxumdan chiqqan qurtlar zararlagan tut daraxti novdalari qingʻir-qiyshiq boʻlib, barglar sargʻayadi va qurib qoladi, daraxt tanasi, ildizlari va shoxlarida ishish va yoriqlar hosil boʻladi. Qurt tezagi bilan ifloslangan tut bargi esa ipak qurti uchun zararlidir.
Komstok qurti tut daraxtidan tashqari, shaftoli, anor, makkajoʻxori, kartoshka, karam, pomidor, qovun, tarvoʻz va bir qator boshqa koʻpgina daraxtsimon va oʻtsimon oʻsimliklarning tanasi, poyalari, shoxlari, barglari, kurtaklari, shona, gʻuncha, gullari, mevalariga va 5—6 sm chuqurlikda tuproqsagi ildizlarining yuqori qismiga zarar yet-kazadi (oq momiqqa oʻxshagan qoldiq qoldiradi). Komstok qurti Oʻzbekistonga 1939-yilda Yaponiyadan keltirilgan tut koʻchatlari bilan kelib qolgan.
Kurash choralari: eng afzali biologik usul. Komstok qurtining kushandasi boʻlgan psevdafikusni koʻpaytirib, zararlangan hududlarga tarqatish lozim. Agrotexnika tadbirlarini oʻz vaqtida oʻtkazish; begona oʻtlar, koʻzda xazonlarni va qurigan shox-shabbalarni yigʻishtirib yoqib tashlash; ekiladigan yangi koʻchatlarni maxsus xonalarda dezinfeksiya qilish shart (qarang Chervetslar). Sulton Ashmuhamedov, Norqoʻzi Ergashev.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
Bu maqola birorta turkumga qoʻshilmagan. Iltimos, maqolaga aloqador turkumlar qoʻshib yordam qiling. (avgust 2024) |