Yasama koʻz
Yasama koʻz, koʻz protezi — chinni, shisha yoki plastmassadan yasaladigan sunʼiy koʻz. Jarohatlanish yoki shikastlanish hamda koʻz kasalliklari oqibatida koʻz olib tashlanganda oʻrniga Yasama koʻz qoʻyiladi. Shisha yoki plastmassaga koʻzning oq pardasi, qon tomirlari, rangdor pardasi, qorachigʻi chizilgan boʻladi. Sogʻlom koʻzning rangdor pardasi va sklera rangiga mos qilib olingan Yasama koʻz koʻz kosasining kattakichikligi va shakliga mos kelishi kerak. Odatda, yaxshi joylashtirilgan Yasama koʻz hech xalaqit bermaydi. Agar u botib, ogʻritsa, yiring hosil qilsa, olib furatsilinning 1:500 eritmasida yuvib, yana oʻrniga qoʻyiladi. Yasama koʻz eskirib qolganda (ustida chiziq va dogʻlar paydo boʻlganda) tezda (koʻpincha 1,5 yilda) yangisiga almashtirish kerak. Yasama koʻzni olish uchun pastki qovoqni tortib, yuqori qovoqni salpal bosish lozim. Uni joyiga qoʻyish uchun Yasama koʻzning keng tomonini chakka tomonga, usti oʻyilgan qirrasini burun tomonga qaratib, chap qoʻlining bosh barmogʻi bilan yuqori qovoqni koʻtarib turib, uning ostiga oʻng qoʻlning uchta barmogʻi bilan ushlab qoʻyiladi. Standart Yasama koʻzlar respublikamizdagi maxsus protez punktlarida tanlanadi. Individual Yasama koʻzlar yirik shaharlarda tashkil etilgan koʻz protezlari zavodida va koʻzni protezlash lab. larida yasaladi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |