Kontent qismiga oʻtish

Kino qoʻyish apparati

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Kino proyektordan yoʻnaltirildi)

Kino qoʻyish apparati, kino proyektor (kino va lot. projectio — oldinga irgʻitish) — kinoga olish apparati bilan kinolentalarga olingan kinofilmlarni ekranga tushirish uchun moʻljallangan qurilma. U kinolentaning surilishini taʼminlaydigan tortish mexanizmi, lenta oʻraladigan va boʻshaladigan kassetalar, ekranni yoritish va tasvirni ekranga tushirish uchun yoritish-proyeksiyalash tizimi, ovoz eshittirish qurilmasi, elektr energiyasi bilan taʼminlash va apparat ishini boshqarish qurilmalaridan iborat. Kino qoʻyish apparatia.da kinolenta maxsus mexanizm (malta mexanizmi yoki greyferli mexanizm) yordamida toʻxtab-toʻxtab (oʻzlukli) harakatlanadi. Toʻxtab-toʻxtab aylanuvchi tishli baraban ki-nolentani bitta kadrga surib turadi. Bir kadrdan ikkinchisiga oʻtish vaqtida obtyurator yorugʻlik nurlari oqimini toʻsadi, lenta yana bir kadr surilganda obtyurator yorugʻlik nurlari yoʻlini ochadi. Shunda ekranga tasvir toʻshadi. Bu jarayon shu tariqa davom etaveradi va juda tez (sekundiga 24 kadr) yuz bergani uchun tomoshabin oradagi oʻzilishlarni sezmaydi. Kino qoʻyish apparati a. ekranga tasvirni tushirish bilan birga fonogrammaga yozilgan tovushni ham tasvirga monand (sinxron) ravishda eshittiradi. Kino qoʻyish apparatia.ning muqim (statsionar) va koʻchma turlari boʻladi. Muqim apparatlar kinoapparatxonalarga doimiy oʻrnatib qoʻyiladi. Ularning yordamida kinofilmlar ochiq yoki yopiq zallarda namoyish qilinadi. Koʻchma apparatlarni istalgan joyga olib borib ishlatish mumkin. Ular bilan ochiq maydonlarda ham, yopiq zallarda ham kinofilmlar qoʻyiladi.

Kino qoʻyish apparati a. kinolentaning eniga qarab ham farqlanadi: 16 mm, 35 mm va 70 mm li kinolentalarga moʻljallangan, universal hamda maxsus (doiraviy, stereo-skopik va boshqa filmlarni namoyish qilish uchun moʻljallangan) apparatlar boʻladi. Boʻlardan tashqari, havaskor kinematograflar uchun moʻljallangan apparatlarda eni 8 mm li kinofilmlarni qoʻyish mumkin. Bunday apparatlarda, asosan, ovozsiz filmlar qoʻyiladi. Ovozli filmlarni qoʻyish uchun magnitofon va sinxronlovchi (tasvir bilan ovozning bir vaqtda ketishini taʼminlovchi) qurilmadan foydalanish kerak. Kino qoʻyish apparatia.ning eng muhim koʻrsatkichi — ekranning yorqinligini ifodalaydigan foydali yorugʻlik oqimi. U lyumen (lm)da oʻlchanadi (350—50000 lm). Yorugʻlik oqimini choʻgʻlanma lampa, ksenon lampa yoki koʻmir yoyi hosil qiladi (yana qarang Kinotexnika).[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil