Oston Jalilov
Jalilov Oston (1937.17.9, Narpay tumani) — seleksioner genetik olim, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademik (2000). Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi (1989), Qishloq xoʻjaligi fanlari doktori (1981), professor (1991). Toshkent Davlat Universiteti bio tuproqshunoslik fakultetini tamomlagan (1961). Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi institutida katta laborant (1962-63), Oʻsimliklar eksperimental biol.si institutida kichik ilmiy xodim (1963— 71), katta ilmiy xodim (1971—75), gʻoʻza geterozisi va amaliy seleksiyasi laboratoriyasi mudiri (1975-yildan), Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi "Biolog" IIB bosh direktori (1991—97). 1997-yildan Genetika va oʻsimliklar eksperimental biologiyasi institutida seleksiya va urugʻchilikning genetik asoslari boʻlimi boshligʻi.
Ilmiy ishlari radiatsion nurlanishning gʻoʻza genetik apparatiga taʼsirini va shu yoʻl bilan olinadigan foydali yoʻnalishdagi mutatsiyalarning nasldan naslga oʻtishini oʻrganishga bagʻishlangan. Jalilov seleksiya ishlarida nurlanishdan foydalanish usulini taklif etdi. Bu usul keyingi avlodlardagi ayrim belgilarni barqarorlashtirish, mutantlarning qimmatli xususiyatlarini sanoat navlarining xoʻjalik potensiali bilan chatishtirish, seleksiya muddatini 2—3 yilga qisqartirish imkonini berdi. Jalilov 15 dan ortiq gʻoʻza navlarini yaratdi, ulardan 5 tasirlashtirilgan va katta maydonlarda ekiladi (AN-Samarqand-2, Samarqand-3, Farhod, Oqoltin, Yulduz va b.).
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Ispolzovaniye radiomutantov v seleksii xlopchatnika, T., 1979; Geneticheskiye aspekti fotosinteza i adaptivnosti xlopchatnika, T., 1996 (S. M. Gaziyans bilan hamkorlikda)[1].
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |