Iskandarnoma
Iskandarnoma – Nizomiy Ganjaviyning „Panj Ganj“ asari tarkibidagi oxirgi doston. 593–600 hijriy-qamariy/1197–1204 milodiy yillar oraligʻida yozilgan. Hajman 10500 baytdan iborat. „Iskandarnoma“ ikki qismdan: „Sharafnoma“ va „Iqbolnoma“dan tarkib topgan. Dostonga Sharq adabiyotida keng tarqalgan Iskandar Zulqarnayn bosh qahramon sifatida olingan.
„Sharafnoma“da Iskandarning harbiy yurishlari, jahongirligi tasvirlansa, Iqbolnomada Iskandar donishmand va paygʻambar sifatida namoyon boʻladi.
Dostonda keltirilishicha, Iskandar otasining taxtiga juda erta oʻtiradi. Koʻp janglarda ishtirok etib, mohir sarkarda va adolatparvar shoh sifatida shuhrat qozonadi. Uzoq-yaqindagi hukmdorlar undan oʻz dushmanlarini yengish uchun yordam soʻray boshlaydi. Iskandar tadbirkorlik bilan Chin va Hind mamlakatlarini yengadi, insoniyat osoyishtaligiga xavf yetkazayotgan yaʼjuj-maʼjujlar ustidan gʻalaba qozonadi.
Iskandar donishmand shoh sifatida oʻz davrining faylasuflari bilan doimiy muloqotda boʻladi, ular bilan olamning ibtidosi, intihosi, mamlakatni boshqarish qonun-qoidalari, muvaffaqiyat va inqirozga sabab boʻladigan omillar haqida suhbatlashadi, oʻzining xatti-harakatlarini sarhisob qiladi. U qayerga borsa, dastlab davlat boshqaruv usuli, idora nizomlarining adolat talablariga qay darajada muvofiqligiga eʼtibor qaratadi. Shoh-u gadoning soʻzlariga quloq tutadi, maslahat va tavsiyalar beradi.
Umuman olganda, Nizomiy tasviridagi Iskandarning jahongirligi faqat kuch-qudrat emas, ilm-u donish, hikmat va aql jahongirligidir. Doston mutaqorib bahrining mutaqoribi musammani mahzuf yoki maqsur vazni (ruknlari va taqtiʼi: fauvlun fauvlun fauvlun faal yoki fauvl V– – / V– – / V– –/ V– yoki V ~) da yozilgan. Navoiy „Saddi Iskandariy“ dostonining salaflarga bagʻishlangan 6-bobi hamda Iskandar tarixi haqidagi 15-bobida Nizomiyning „Iskandarnoma“ dostoni haqida maʼlumot beradi[1].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Alisher Navoiy. Qomusiy lugʻat. Sharq NMAK [2016].
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |