Kontent qismiga oʻtish

Jalil Hakimov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Hakimov Jalildan yoʻnaltirildi)

Hakimov Jalil (1920. 16.5 - Toshkent— 1980.29.10) — naqqosh. Toshkent naqqoshligining yirik vakili. Oʻzbekiston xalq rassomi (1969). Toshkent badiiy oʻquv ishlab chiqarish kombinatida Olimjon Qosimjonovdan taʼlim olgan (1935—38). 1948-yilgacha umumiy taʼlim maktablarida oʻqituvchi, 1948-yildan Ostrovskiy nomidagi pionerlar saroyida toʻgarak rahbari, 1951-yildan Benkov nomidagi Respublika rassomlik bilim yurtida naqqoshlikdan dars bergan. Hakimov qogʻoz, yogʻoch, ganchga boʻyama naqsh ishlash sanʼati (ayniqsa handasiy naqshlar yechimi)ni puxta egallagan, usta ijodida gulli girihni koʻp qoʻllab ajoyib bezaklar ishlagan; u yaratgan naqshlar, mujassamotlar aniqligi, mayda qismlarga boyligi, oʻziga xos yorqin yashil rangli koloriti, ranglar uygʻunligi hamda nafosati bilan diqqatga sazovor. Toshkentdagi "Moviy gumbazlar" choyxonasi (1970); Toshkent markaziy univer-magi (1971), Toshkent vokzali (1978) va boshqa jamoat binolaridagi naqshin bezaklar ustaning mahoratidan darak beradi. Hakimov, shuningdek, meʼmoriy obidalar (Amaliy sanʼat muzeyi binosi va boshqalar)ni taʼmirlashda qatnashgan. Hakimov bezagan xontaxta, kursi, quticha va boshqa buyumlar respublika va chet mamlakatlardagi koʻrgazmalarda namoyish etilib, yuqori baholangan. Ishlaridan namunalar respublika muzeylarida saqlanadi. Hakimov koʻplab shogirdlar (A. Ilhomov, K. Karimov, M.Toʻrayev va boshqalar) yetishtirgan.