Kontent qismiga oʻtish

Georg Wilhelm Friedrich Hegel

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Gegel Georg Vilgelm Fridrixdan yoʻnaltirildi)
Hegel

GEGEL (Hegel) Georg Vilgelm Fridrix (1770.27.8, Shtutgart — 1831.14.11, Berlin) — yirik nemis faylasufi, nemis mumtoz falsafasining eng mashhur vakili. 1788—93 yillarda Tyubingen institutida taxsil olgan. Bu yerda falsafa va ilohiyotni oʻrgangan. Bernda (1793—96), Frankfurtmaynda (1797—1800) zodagon oilalarda oʻqituvchi, Iyena (1801—07), Geydel-berg (1815—18) universitetlarida professor, Nyurnberg gimnaziyasida (1807—16) direktor, ayni paytda, „Bamberg gazetasi“ da muharrir, Berlin universiteti professor (1818-28), rektori (1829-30).

Georg oʻz taʼlimotini butun Gʻarb falsafasi rivojining yakuni, deb hisoblagan boʻlsada, aslida, uni Yangi davr Yevropa falsafasi taraqqiyotining soʻnggi, yuqori bosqichi deyish mumkin.

Georg falsafiy taʼlimotida barcha tabiiy va ijtimoiy hodisa hamda jarayonlarning tubida „olamiy ruh“, „olamiy aql“, „mutlaq ruh“, „mutlaq gʻoya“, deb atalmish mavhum ruhiy ibtido borligini asoslashga harakat qilgan. Mazkur ruhiy ibtido shuning uchun ham olamiy, mutlaqki, uning mavjudligi hech qanday boshqa narsaga bogʻliq boʻlmay, u tabiat va jamiyat vujudga kelgunicha mavjud boʻlgan. Bu maʼnoda, „olamiy“, „mutlaq“ ruh tushunchasi „ilohiy ong“ tushunchasiga hamohang va mutanosibdir. Faylasufning eʼtirof etishicha, falsafaning mazmuni, uning ehtiyoj va manfaatlari dinning ehtiyoj hamda manfaatlari bilan tamomila mushtarak, umumiydir; dinga xos narsa abadiy haqiqat, xudo va uni anglashdir; falsafa dinni qay darajada kashf qilsa, oʻzini shu darajada namoyon etadi va aksincha, u qay darajada oʻzini namoyon etsa, dinni shu darajada kashf qiladi; din va falsafa oʻzaro mutanosibdir. Georg ning fikricha, agar xudo dinda eʼtiqod shaklida tasavvur qilinsa, u falsafada mantiqiy yoʻl bilan bilinadi.

Georg ning taʼkidlashicha, xudo barcha narsalarda mavjud boʻlib, u faqat sof tafakkurdagina, oʻzining mohiyatiga mutanosib shaklda, mukammal namoyon boʻladi. Georg falsafasida yakun topgan mutlaq bilim xudoning inson timsolidagi „oʻzini oʻzi bilishdan“ boshqa narsa emas.

Georg taʼlimotida rivojlanish „triada“ — 3 bosqichlilik (tezis, antitezis va sintez) shaklida yuz beradi. Shunga muvofiq, mazkur falsafaning markaziy tushunchasi — „mutlaq ruh“ dialektik rivojlanish jarayonida 3 bosqichni bosib oʻtadi: 1. „Mutlaq ruh“ ning tabiat yaratilganiga qadar boʻlgan sof tafakkur bosqichi. 2. „Mutlaqruh“ ning tabiatga aylanishi. 3. „Mutlaq ruh“ ning tabiatiing inkori sifatida yana oʻziga qaytishi. Georg taʼlimotiga binoan olam ruhiy tabiatga ega, uning rivoji shu sababdan ham yuz beradiki, sof ilohiy tafakkurning ichki mazmuni, muayyan bosqichda, unga hech ham mutanosib boʻlmagan jismiy borliq — tabiat shakliga oʻtadi va shu bois, uning uchun mudhish holat — ziddiyat vujudga keladi. Harakat — dialektik rivojlanishning muhim tamoyili boʻlib, u ayni ziddiyatning mahsulidir. Xuddi tabiatiing oʻzida ruhning undan, yaʼni oʻzining „oʻzgacha borligʻi — begonalashuvidan“ yana „oʻziga qaytishi“ boshlanadi. Oʻz hayotining ilk bosqichlarida hali tabiat qoʻynida boʻlgan inson ongning vujudga kelishi (fenomenologiya) natijasida oʻz mavjudligining ibtidoiy holatidan asta-sekin uzilib, koʻtarila, yuksala boshlaydi va u ruhiy mavjudot („subyektiv ruh“) sifatida, oʻzining bunday mohiyatini tegishli (anglovchi va xoxlovchi) xususiyati va uning mazmuniga mos tarzda payqamas, oʻzlashtirmas ekan, ibtidosi qanday boʻlsa, shundayligicha qolaveradi.

„Obyektiv ruh“ ning koʻrinishlari ijtimoiy hayot shakllari — huquq, axloq, urf-odat va davlat ham xuddi shunday tadrijiylik jarayonlarini bosib oʻtadi. Bu yerda ham boshqa joylardagidek, uchinchi bosqich uzidan avvalgi ikkitasining omixtasi (sintezi) hisoblanadi. Ijtimoiy hayotda huquqiy mazmun bilan axloqiy eʼtiqodning mushtarakligi hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Mazkur mushtaraklik davlat timsolida oʻzining oliy ifodasini topadi.

Xudo subyektivlik bilan obyektivlikning (biluvchi va biluvchiga bogʻliq boʻlmagan mohiyatning) birligidir. Substansiya (mohiyat) va biluvchi (subʼyekt) ning mutlaq ayniyligini mushohada qilish, tasavvur etish va bilish, yaʼni „mutlaq ruh“ ning uchta shakli „obyektiv ruh“ ning tegishli koʻrinishlariga tayanadi. Mazkur mushtaraklik sanʼatda „mushohada“ qilinadi, dinda esa „tasavvur“ etiladi, faqat mutlaq ilm — falsafada u bilinadi, yaʼni ayni shu yerda pirovard maqsadga — inson cheklangan mohiyatining cheksizlikka daxldor boʻlishligiga erishiladi. Ilohiy aql bilan ana shu mushtaraklik Georg falsafasining sir-sinoati, asl maʼnosini tashkil etadi. Georg ning falsafiy taʼlimoti davlat va tarixii tushunish sohalariga katta taʼsir kursatdi. U umumiy jahon tarixiga „olamiy ruh“ ning oʻzini oʻzi anglash jarayoni va shu bilan birga „ozodlikni anglashdagi taraqqiyot“ sifatida qaraydi. Biroq ozodlik shundan iboratki, inson oʻzining „mutlaq gʻoya“ bilan mohiyatan birligini biladi va oʻzini obyektiv ruh hosilalari hamda uning xohish-irodasi (davlat va huquq) bilan tenglashtiradi. Bu hosilalar pirovard natijada „mutlaq ruh“ tomonidan vujudga keltirilgandir. Ozod fuqaro oʻzining umumozodlik bilan jiddiy oʻxshashligini anglaydi, qonun tashqi buyruqqa oʻxshab koʻrinishini uning oʻzi biladi.

Georg falsafasida tabiat va tafakkurning, ayni paytda jamiyat dialektik rivojlanishining poydor tamoyillari — ziddiyat, sifat va miqdor oʻzgarishlari, inkorni inkor konunlari ifodalangan.

Georg taʼlimoti tizimining turli sohalarida Sharq, jumladan Oʻrta Osiyo xalqlari tarixi, falsafasi, diniy, badiiy va umuman maʼnaviy dunyosi masalalari tegishli tarzda talqin topgan.

Asosiy asarlari: „Ruh fenomenologiyasi“ (1807), „Mantiq fani“ (1812— 16), „Falsafa fanlari ensiklopediyasi“ (1817), „Huquq falsafasi“ (1821), „Din falsafasi buyicha leksiyalar“(1832), „Falsafa tarixi buyicha leksiyalar“ (1833—36), „Estetika boʻyicha leksiyalar“ (1835—38), „Tarix falsafasi buyicha leksiyalar“ (1837). Abdulhafiz Jalolov.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil