Kontent qismiga oʻtish

Daromad soligʻi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Foyda soligʻidan yoʻnaltirildi)

Daromad soligʻi — moliya yilida soliq solinadigan daromadga ega boʻlgan jismoniy shaxslar (fuqarolar) ning soliq solinadigan jami daromadlaridan, yuridik shaxslar (tashkilotlar, xoʻjaliklar, korxonalar va b.)ning soliq solinadigan jami daromadi (foydasi)dan undiriladigan toʻgʻri, umumdavlat soligʻi. Buyuk Britaniyada 1842-yildan, Yaponiyada 1887-yildan, Germaniyada 1891-yildan, AQShda 1913-yildan, Fransiyada 1914-yildan joriy qilingan. Sobiq SSSRʼda 1922-yil 16-noyabrdagi Dekretga koʻra daromad-mulk soligʻi degan umumiy nom bilan joriy qilingan va 1924-yildan daromad soligʻiga aylantirilgan hamda 1991-yilgacha ishchi va xizmatchilarning maoshidan tabaqalashgan shkala boʻyicha undirilgan (100 soʻmdan 8 soʻm 20 tiyin, 100 dan yuqori summadan 13% miqdorida). Oʻzbekiston Respublikasida daromad soligʻi undirish tartibi 1998-yil yanvardan amalga kiritilgan Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga muvofiq olib boriladi. Kodeksga koʻra yuridik shaxslarning solik solinadigan jami daromadi (foydasi)ga 26 foizlik stavka boʻyicha soliq solinadi (2001). Savdo va umumiy ovqatlanish korxonalari daromad (foyda) soligʻi, qoʻshilgan qiymat soligʻi, ekologiya va boshqa soliqlar hamda yigʻimlar oʻrniga byudjetga yalpi daromad soligʻi toʻlaydilar (22—50% darajasida). Jismoniy shaxslarning jami yillik daromadlariga soliq solish maqsadida eng kam ish haqining miqdori yil boshidan eʼtiboran ortib boruvchi yakun tarzida (oshib boruvchi stavkalarda) hisoblanadi, eng kam ish haqining toʻrt baravari miqdorigacha daromad summasining 13%, eng kam ish haqining sakkiz baravarigacha 23%, 8 baravari miqdoridan (+1 soʻm) va undan yuqori boʻlgan summadan 33%ʼni tashkil qiladi (1-avgust 2001-yil). Daromad soligʻi undirishda soliq toʻlovchilar uchun bir qator chegirmalar va imtiyozlar nazarda tutilgan (yana qarang Soliqlar).

Rahmatjon Abdullayev.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil