Filding
Filding, Filding (Fielding) Genri (1707.22.4, SharpemPark, Glastonberi yaqinida — 1754.8.10, Lissabon) — ingliz yozuvchisi. Ingliz maʼrifatparvarlik adabiyotining yirik vakili. Iton kollejida (1719— 27), Leyden universiteti (Gollandiya, 1728— 30) va Templ (London)dagi yuridik maktabda (1737—40) oʻqigan. 1730-yildan dramaturg sifatida tanilgan. 25 ta komediya va farslar yaratgan. Satirik "Fojialar fojiasi" pyesasi (1730) F.ga shuhrat keltirgan. "Templlik olifta", (1730), "Don Kixot Angliyada" (1734), "Paskvin" (1736), "1736-yilning tarixiy taqvimi" (1937) kabi komediyalarida poraxoʻr sudyalar, sotqin sayohatchilar, firibgar savdogarlar fosh etilgan. Keyinchalik F. bu komediyalardagi satirik tanqidiy yoʻnalishni oʻzining romanlariga ham koʻchirgan. "Marhum Bukj Jonatan Uayld tarixi" (1743), "Topib olingan Tom Jons tarixi" (1749), "Ameliya" (1752) va boshqa romanlarida maʼrifatparvarlik gumanizmidagi inqirozning ayrim koʻrinishlari oʻz aksini topgan, sentimentaldidaktik ohanglar kuchaygan, shuningdek, oʻsha davr Angliyasi uchun dolzarb boʻlgan bir qancha ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va axloqiy muammolar koʻtarilgan. F. oʻz romanlarini "komik epopeyalar" deb taʼriflagan. Yozuvchi ijodiga xos boʻlgan demokratik kayfiyatlar uning pamfletlarida ham yaqqol seziladi. F. ijodi keyingi davrlar Angliya va Yevropa adabiyotiga katta taʼsir koʻrsatgan. Ad.: Rodjers P., Genri Filding, M., 1984; Yelistratova A. A., Angliyskiy roman epoxi Prosvesheniya, M., 1966.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |