Kontent qismiga oʻtish

Bir yillik oʻsimliklar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Bir yillik o‘simliklardan yoʻnaltirildi)

Bir yillik oʻsimliklar – barcha hayotiy sikllari bir vegetatsiya davrida, yaʼni bir yil davomida urugʻidan unib chiqib, oʻsib, gullaydigan va urugʻ qoldirib quriydigan oʻsimliklar. Bir yillik oʻsimliklar orasida butun rivojlanish jarayoni bir necha hafta ichida tugaydigan efemer oʻsimliklar guruhi ajralib turadi. Choʻl va dasht sharoitlarida efemerlar kuz, qish yoki bahorda oʻsadi. Ular yilning koʻp davrini urugʻ holida oʻtkazadi. Namligi yetarli zonalarda efemerlar (mas, yulduzoʻt, qoʻngʻirbosh) bir vegetatsiya davrida bir necha boʻgʻin berishi mumkin. Vegetatsiya davri uzoq, kechadigan bir yillik oʻsimliklar bahorgi va kuzgilarga boʻlinadi. Bahorgi bir yillik oʻsimliklar bahor va yoz oylarida oʻsib, hayot siklini 1 oydan 5 oygacha tugatadi. Kuzgi bir yillik oʻsimliklar urugʻlari kuzda darhol unib chiqib, tomiroldi barglari rivojlanadi va shu tarzda qor tagida qishlab chiqadi. Bahorda ular rivojlanishni davom ettiradi – gullaydi, urugʻ berib, keyin qurib qoladi. Bu guruhga kuzgi javdar, bugʻdoy, shuningdek koʻpchilik begona oʻtlar (jagʻ-jagʻ, boʻtakoʻz va boshqalar) kiradi. Bir yillik oʻsimliklar oʻzgarib turuvchi iqlim sharoitiga moslashgan koʻp yillik oʻsimliklarning evolyutsiya jarayonida shakllangan.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil