Biolaboratoriya
Biolaboratoriya, biologik laboratoriya (qishloq xoʻjaligida) - qishloq xoʻjaligi ekinlarini zararkunanda hasharotlardan, kasallik, begona oʻtlardan biologik usulda himoya qilishni amalga oshiradigan va nazorat qilib turadigan muassasa. Viloyat ishlab chikarish B.si va xoʻjalik B.lari mavjud. Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligiga xizmat koʻrsatadigan 700 dan ortiq B. bor (2000). Bu B.larda entomofaglar (tangaqanotlilar tuxumining paraziti— trixogramma, gʻoʻza tunlami qurtining paraziti—brakon, komstok chervesining paraziti—psevdafikus, shumgiya fitofagi — fakultetomiza pashshasi va boshqalar) koʻpaytiriladi hamda gʻoʻza va boshqa qishloq xoʻjaligi ekinlari zararkunandalariga qarshi qoʻllanadi. Sabzavotchilik xoʻjaliklaridagi ishlab chiqarish B.sida issiqxona oqqanotiga qarshi qoʻllanadigan entomopatogen zamburugʻ—ashersoniya yetishtiriladi. Bundan tashqari B. oʻsimliklarni himoya qilishda boshqa biologik vositalardan, mas, mikrobiologik preparatpar—denrobatsillin, entobakterin va boshqalardan ham foydalanadi. OʻzR Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻsimliklarni himoya qilish va agrokimyoviy tadqiqotlar Markazi reepublikadagi B.ga ilmiymetodik rahbarlik qiladi.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |