Kontent qismiga oʻtish

Beqasam

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Beqasabdan yoʻnaltirildi)

Beqasam, beqasab — yoʻl-yoʻl gulli pishiq mato; tanda ipi ipak, arqogʻi ipdan toʻqiladi. Arqoq ipi tanda ipidan yoʻgʻonroq boʻlgani uchun mato yuzasida koʻndalang chiziqlar (gʻadirbudurlik) hosil boʻladi. Toʻqish jarayonida arqoq ipi hoʻllanib turiladi. Maxsus ishlov berib kudunglangandan soʻng B.ning bir tarafi atlasdek silliq, bir tarafi tovlanib turadi. Oldindan boʻyalgan tanda iplari ishlatilishi natijasida B. guli ikki tomonlama xilmaxil va rangbarang boʻladi. Oʻrta Osiyoning yirik ipakchilik markazlarida ishlab chiqarilgan B.lar qalinyupqaligi, mato enining torkengligi, rang xillarining tanlanishi, yoʻlyoʻl gullarining tartibi jihatidan bir-biridan farq qilgan. Buxoro—Samarqand B.larining arqoq ipi yoʻgʻon, mujassamoti markazi oddiy bir meʼyorda takrorlanuvchi aniq keng (pushti, sariq, zangori yoki pushti, binafsha, sariq tusli) yoʻllardan, qirgʻogʻi esa hoshiya yoʻllardan iborat. Bundan tashqari, "zanjira" gullar, abr nusxa yoki turli kvadrat, chiziqcha, mayda gullar va boshqa tasvirlar qoʻshib bezatilgan. Mahalliy yorqin koloriti ranglarga boy. B. Buxoro—Samarqand vodiysida olacha nomi bilan ham mashhur.

Fargʻona vodiysi B.lari yupqa va mayin, chunki arqoq ipi ingichkaroq; guli, asosan, sovuq feruzabinafsha ranglardan iborat, koʻproq boʻrkoʻk tusli va turli xil yashil ranglarning bir-biriga mayin oʻtishi bilan boshqa B.lardan ajralib turadi. Baʼzi anʼanaviy gullari ("besh kashta", "Bayrok" )da yashil rangga yorqin pushti rang aralashtirilgan. Qadimda kuyov toʻnlariga ishlatilgan Namangan "oq B."i, asosan, oq, sariq, yashil tusli qilib toʻqilgan. Namangan, Margʻilon, Qoʻqon toʻqimachilik fkalarida B.ning oq, chiviq, olti katak, marmar va boshqa turlari ishlab chiqariladi. B.dan kiyim (toʻn, kamzul, koʻylak va boshqalar)lar, koʻrpacha va boshqa tayyorlanadi.

Sayyora Mahkamova.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil