Kontent qismiga oʻtish

Balzam

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Balzamlardan yoʻnaltirildi)

Balzam, balzamlar (yun. balsamon — xushboʻy smola) — efir moylari va ularda erigan smolalar, xushboʻy birikmalar, aldegidlar, ketonlar, murakkab efirlar va boshqa moddalardan tarkib topgan tabiiy moddalar. Odatda B. xushboʻy shiraga uxshash, taʼmi oʻtkir, quyuq suyuqliklardan iborat boʻlib, suvda deyarli erimaydi, ammo spirt, efir, xloroform, benzin va boshqa organik erituvchilarda eriydi. Aksarisi oʻsimliklarda normal moddalar almashinuvi mahsuloti sifatida hosil boʻlib, poʻstloq yoʻllarida yoki hujayralararo kamtaklarda yigʻiladi; boshqalari oʻsimliklarda boʻlmay, poʻstlogʻi shikastlanganda vujudga keladi. Igna bargli daraxtlar (Mas. qaragʻay, oqqaragʻay) tanasi shikastlanganda chiqadigan shirani ham B. deb atashadi. Bulardan Kanada balzami optikada va mikroskopik preparatlarni montaj qilishda, oq qaragʻay balzami optikada ishlatiladi. B. tarkibiga qarab antiseptik, balgʻam koʻchiruvchi, siydik haydovchi va mahalliy taʼsir koʻrsatuvchi xususiyatlarga ega. B.dan tibbiyotda dori vositasi sifatida foydalaniladi. Terpentin moyi, skipidar mazlari va linimentlari mahalliy taʼsir koʻrsatuvchi dori; skipidar bugʻlari havoni ozon bilan boyitib, oʻpka kasalliklariga davo boʻladi; Kopay balzami dezinfeksiyalovchi dori boʻlib, qovuq yalligʻlanishi, ekzema, soʻzakni davolashda qoʻllanadi. Vinilin jarohatga va yalligʻlangan teriga qoʻyiladi, meʼda va oʻn ikki barmoq ichak yarasi boʻlgan bemorlarga ichiriladi.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil