Kontent qismiga oʻtish

Ashʼariylik

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Ash’ariylikdan yoʻnaltirildi)

Ash’ariylik – islom dinidagi sunniylik yo’nalishining ikki asosiy kalom (aqida) ilmi maktablaridan biri. Asoschisi Abul Hasan Ash’ariy (873-935). Ash’ariylik maktabining taniqli vakillari Abu Bakr Boqiloniy (950-1013), Ibn Furq (vaf. 1015 y. ), Abu Ishoq Isfaroiniy (vaf. 1027 y.), Abul Maoliy Juvayniy (1028-1085), Abul Fath Shahristoniy (1086-1153), Faxriddin Roziy (1149-1209) va boshqalar hisoblanadi. Ash’ariylik, faqatgina aqlga tayanuvchilar bilan faqat naql va uning zohiriga e’tibor beruvchilar o‘rtasidagi moʻtadil ta’limot bo‘lib, unda naql aqldan ustun qo‘yilgan hamda aql - bu naqlni tushunishdagi bir vosita, deb qaralgan. Ash’ariylar to‘rt fiqhiy mazhab imomlariga xilof qilmaganlar, Qur’onning biror oyatini va hadisi sharifni hamda sahoba va ulamolarning so‘zlarini inkor qilmaganlar. Ahli qibladan biror kishini kofirga chiqarmaganlar. Ash’ariylik moturidiylikdan bir necha aqidaviy masalalarda farq qiladi. Masalan, ash’ariylikda imon ziyoda va noqis bo‘ladi, deyiladi. Moturidiylikda esa, imon ziyoda va noqis bo‘lmaydi, deyiladi. Ash’ariylar qazo va qadarni quyidagicha ta’riflaydilar: «Qazo - Alloh taoloning hamma narsalarni kelajakda qanday bo‘lishini azaldan bilishidir». «Qadar - o‘sha narsalarni Allohning azaliy ilmiga muvofiq ravishda vujudga kelishidir». Moturidiylar qazo va qadar lafzlarining o‘rnini almashtiradilar. Shu kabi e’tiqodiy masalalarda mazkur ikki aqidaviy mazhab o‘rtasida shaklan ixtiloflar bo‘lsada asl mohiyatda ular bir-birlari bilan o‘xshashdir. Ash’ariylikning qarashlarini eng avval Eronda (X asr) keng tarqalgan shofeiy mazhabi tarafdorlari qabul qilganlar. Ash’ariyning o‘zi tayangan hanbaliy mazhabi tarafdorlari bu maktab g‘oyalarini tanqid qilgan. Mashhur ilohiyotchilarning ko‘pchiligi (mas., Andalusiyada Ibn Hazm) ash’ariylik g'oyalariga qarshi chiqqan. Birinchi saljuqiy sulton To'g'rulbek (1038-1063 yillarda hukmronlik qilgan) davrida ash’ariylik ta’limoti bid’at deb e’lon qilinib, uning tarafdorlari ta’qib etilgan. Biroq bu ta’limot Abu Bakr Boqiloniy, Abu Homid Gʻazzoliy (1058-1111) kabi olimlarning asarlari tufayli musulmon olamida katta ta’sirga ega bo‘lib, kalom ilmida eng keng tarqalgan yirik aqidaviy mazhablardan biriga aylandi[1].

  1. Najmiddinov, Karimov, Turdiyeva 2017, s. 53.
  • Najmiddinov J., Karimov J., Turdiyeva D.. Dinshunoslik. Qomusiy lugʻat. Imom Buxoriy xalqaro markazi nashriyoti, 2017 — 480-bet. ISBN 978-9943-5105-3-1.