Kontent qismiga oʻtish

Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti
Xalqaro nomi
Alisher Navo'i Tashkent State University of Uzbek language and literature
Turi Oliy ta’lim muassasasi
Asos solingan sanasi 2016-yil 13-may
Rektori Shuhrat Samariddinovich Sirojiddinov
Fan doktorlari 22
Professorlari 95
Joylashuvi
Toshkent
,
Oʻzbekiston
Veb-sayti tsuull.uz

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti — Oʻzbekistonning eng nufuzli oliy taʼlim muassasalaridan biri. Universitet oʻzbek tilining Oʻzbekistonda va xalqaro miqyosda nufuzini oshirish, oʻzbek adabiyoti, folklori, milliy qadriyatlarini targʻib etish, Oʻzbekistonning jahon sivilizatsiyasidagi munosib oʻrnini taʼminlash boʻyicha davlat siyosatini hayotga tatbiq etish,  oʻzbek tili va adabiyoti bilan bir qatorda oʻzbek xalqining maʼnaviyati, tarixi va madaniyati, falsafasini tadqiq etish va ushbu maqsadni amalga oshirish uchun yetuk mutaxassislarni tayyorlaydi.

Universitet Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 13-maydagi Farmoniga koʻra,[1] Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetning Oʻzbek filologiyasi va Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining Oʻzbek tili va adabiyoti fakultetlari bazasida tashkil qilingan hamda ushbu fakultetlar tarixini oʻzining faxr-iftixor manbasi sifatida qadrlaydi.

1918-yilda Oʻrta Osiyo davlat universiteti Adabiyot va falsafa fakulteti ochilgan. Ushbu fakultet hozirgi kunda bir nechta mustaqil universitetlar uchun ham asos boʻlgan. 1921-yilda Oʻrta Osiyo davlat universiteti Sharq tadqiqotlari fakulteti tashkil etilgan. Keyinchalik ushbu fakultetdan mustaqil institut va bir nechta fakultetlar ajralib chiqqan. 1935-yilda Toshkent davlat pedagogika instituti tashkil etildi va eng avvalo Oʻzbek tili va adabiyoti fakulteti tuzildi. Ayni vaqtda Oʻrta Osiyo davlat universiteti ham faoliyat yuritgan. 1942-yili Oʻrta Osiyo davlat universitetida Tarix va filologiya fakulteti tashkil etilgan. Ushbu fakultet koʻplab mashhur olimlar, ijodkorlar uchun markaz hisoblangan. 1950-yillarda Toshkent davlat pedagogika instituti tarkibida Tarix va filologiya fakulteti tashkil etilgan. Ushbu fakultet institutning eng qadimiy va eng yirik fakulteti sanalgan. 1956-yil esa Oʻrta Osiyo davlat universiteti Toshkent davlat universiteti deb qayta nomlandi va Filologiya (oʻzbek, rus, roman-german tillari va jurnalistika) fakulteti tashkil etildi. 1968-yilda Toshkent davlat pedagogika instituti tarbida Filologiya (oʻzbek, qozoq, rus, tatar tillari) fakulteti paydo bòladi va yurtimizdagi barcha pedagog-filologlar uchun tayanch muassasaga aylanadi. 1981-yilda Toshkent davlat universiteti yagona keng profilli Oʻzbek filologiyasi fakulteti tuzildi. Mazkur fakultetdan bir nechta mustaqil fakultetlar tashkil etildi. Nihoyat 1976-yilda Toshkent davlat pedagogika instituti Oʻzbek tili va adabiyoti fakulteti tashkil etilgan. Ushbu fakultet Oʻzbek tili va adabiyoti fani oʻqituvchilari tayyorlovchi eng yirik fakultet sanalgan. 1998-yilda Toshkent davlat pedagogika institutiga universitet maqomi berildi va Oʻzbek tili va adabiyoti fakulteti qayta tashkil etildi. 2000-yilda Toshkent davlat universiteti Oʻzbekiston milliy universiteti deb qayta nomlandi va unda Oʻzbek filologiyasi fakulteti eng katta va qadimiy bilim oʻchogʻi sifatida bunyod etildi. 2016-yilda esa Oʻzbekiston Milliy universiteti Oʻzbek filologiyasi fakulteti va Nizomiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti Oʻzbek tili va adabiyoti fakulteti negizida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti tashkil topdi. Shu bilan birga uchinchi fakultet sifatida Oʻzbek-ingliz tarjima nazariyasi va amaliyoti fakulteti ham qoʻshildi.

2018-yil Bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari soni kengayib, Filologiya va tillarni oʻqitish, Oʻzbek tili va adabiyoti, Tarjima nazariyasi va amaliyoti taʼlim yoʻnalishlari qatoriga yangi Oʻzga tilli guruhlarda oʻzbek tili taʼlim yoʻnalishi qoʻshildi. 2019-yilda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash boʻyicha mavjud talabdan kelib chiqqan holda Noshirlik ishi taʼlim yoʻnalishi tashkil etildi. 2020-yilda Tarjima nazariyasi va amaliyoti taʼlim sohasida rus tili tili boʻyicha alohida yoʻnalish ochildi. 2021-yilda Universitetda Bakalavriat boʻyicha Tarjima nazariyasi va amaliyoti (nemis tili), Tarjima nazariyasi va amaliyoti (fransuz tili), Kompyuter lingvistikasi, Matnshunoslik vaadabiy manbashunoslik, Amaliy filologiya, Folklorshunoslik va shevashunoslik singari yangi taʼlim yoʻnalishlari tashkil etildi.[2]

Universitetning ilmiy faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Universitet huzurida 8 ta ixtisoslik boʻyicha fan doktori (DSc) va falsafa doktori (PhD) ilmiy darajalarini beruvchi ilmiy kengashlar tuzilib, muvafaqqiyatli faoliyat yuritmoqda.

Universitetda 2022-yilning oʻzida ilmiy salohiyat koʻrsatkichi 56.3% ga koʻtarildi. Kelgusi 5 yil ichida ilmiy-tadqiqot ishlarini qoʻllab-quvvatlash orqali ilmiy salohiyat kamida 75 foizga yetkazilishi kutilmoqda (aniq amaliy choralar koʻrilmoqda).

2019-yilda 21 ta, 2020-yilda 20 ta, 2021-yida 28 ta, 2022-yil birinchi chorakda 9 ta doktorlik dissertasiyalari himoyasi oʻtkazildi.

Ilmiy-tadqiqot bilan shugʻullanuvchi yoshlarni birlashtirish, ularni ilmiy-tadqiqot faoliyatiga tizimli asosda yoʻnaltirish orqali taʼlim sifatini oshirish maqsadida „Yosh filolog olimlar jamiyatiklubi“ tashkil etildi.

Scopus va Web of Science kabi ilmiy bazalarda indekslanadigan ilmiy jurnallarda universitet professor-oʻqituvchilari muallifligida 2019-yilda jami 6 ta maqola, 2020-yilda esa 36 ta maqola va 2021-yilda 22 ta maqola chop etildi.

2019-yilda 26 ta, 2020-yilda esa 50 ta, 2021-yilning oʻtgan davri davomida 53 ta monografiya chop etildi.

2019-yilda universitetning „Oltin bitiklar“ ilmiy jurnali, 2021-yilda „Oʻzbekiston: til va madaniyat“ jurnali OAK Oliy attestatsiya komissiyasining doktorlik dissertasiyalari asosiy ilmiy natijalarini chop etish tavsiya etilgan ilmiy nashrlar roʻyxatiga kiritildi.

Universitetning „Oltin bitiklar (Golden Scripts)“ va „O‘zbekiston: til va madaniyat (Uzbekistan: language and culture)“[sayt ishlamaydi] jurnallari scholar.google maʼlumotlar bazasiga joylashtirilgan boʻlib, ushbu jurnalda chop etilgan barcha maqolalar uchun yaqin kunlarda DOI raqam olish rejalashtirilgan.

Oliy attestatsiya komissiyasining doktorlik dissertasiyalari asosiy ilmiy natijalarini chop etish tavsiya etilgan ilmiy nashrlar 2019-yilda 135 ta maqola, 2020-yilda esa 159 ta maqola chop etildi. 2021-yilning oʻtgan davri davomida 196 ta maqola chop etildi.

Ilgari birorta Xalqaro indekslar maʼlumotlariga koʻra professor-oʻqituvchilarning nashrlariga iqtiboslik koʻrsatkichi Xirsh indeksi mavjud boʻlmagan boʻlsa, hozirda Xirsh indeksi yuqori boʻlgan professor-oʻqituvchilar 79 nafardan ortiqni tashkil etmoqda.

Ilmiy jurnallar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1. „Oltin bitiglar“ jurnali — milliy merosimiz, umumturkiy adabiyot va madaniyatning hali oʻrganilmagan qirralarini manbashunoslik, matnshunoslik, adabiyotshunoslik hamda tarjimashunoslik yoʻnalishida olib borilayotgan tadqiqotlar va ularning natijalari aks etgan maqolalar nashr qilinadigan xalqaro ilmiy jurnal.[3]

2. „Oʻzbekiston: til va madaniyat“ jurnali — lingvistika, tarix, adabiyot, tarjimashunoslik, sanʼat, etnografiya, falsafa va antropologiya kabi sohalarni qamrab olgan xalqaro akademik jurnal.[4]

Oʻquv-uslubiy faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

2020/2021-oʻquv yilidan boshlab, ToshDOʻTAUda oʻquv jarayoni kredit-modul tizimi asosida tashkil qilingan. Universitetda mavjud taʼlim va tillar taʼlim sohalariga oid taʼlim yoʻnalishlarining malaka talablari, oʻquv reja va oʻquv dasturlar (sillabuslar) kredit-modul tizimi talablaridan kelib chiqqan holda ishlab chiqildi, hozirgi zamon talablariga mos yangi fanlar kiritilib, mavjud fanlarni oʻqitish soatlarining qayta koʻrib chiqilishi taʼminlangan.

Talabalar tomonidan tanlov fanlarni tanlash imkoniyati yaratilgan. Shuningdek, talabaning fanlarni xususiyatidan kelib chiqqan holda mustaqil oʻzlashtirishi masalasiga alohida eʼtibor qaratilib, oʻquv rejalarida talabalarning mustaqil taʼlim olishiga oʻquv yuklamalarning 55-60% i ajratilishi taʼminlangan.

Oʻquv dasturlari (sillabuslar) xalqaro reytinglarda yuqori 300 talikda boʻlgan oliy taʼlim muassasalari tajribasi asosida tayyorlanib, oʻquv jarayoniga joriy etilgan. Oʻquv dasturlari taʼlim yoʻnalishlari taʼlim tili asosida oʻzbek va rus tillarida tayyorlangan. Shuningdek, xorijiy tildan xalqaro va milliy sertifikatga ega professor-oʻqituvchilar tomonidan ingliz tilida dars olib boriladigan guruhlar uchun ingliz tilidagi oʻquv dasturlari ham yaratilgan.

Nomutaxassislik fanlari ulushi 36% dan 12% foizga kamaytirildi. Oʻquv jarayonini tashkil qilishda axborot-kommunikasiya texnologiyalari imkoniyatlaridan foydalanishga alohida eʼtibor qaratilib kelingan. Jumladan, 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab MOODLE-obyektga yoʻnaltirilgan dinamik taʼlim muhiti asosida masofaviy taʼlim platformasi (Wayback Machine saytida 30-may 2022-yil sanasida arxivlangan) ishga tushirilgan.

Universitetdagi taʼlim

[tahrir | manbasini tahrirlash]

ToshDOʻTAUda 2021/2022 oʻquv yilidan 4 ta fakultet, 16 ta kafedra faoliyat olib bormoqda. Universitetda 13 ta bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va 11 ta magistratura mutaxassisliklari mavjud.

Universitet zamonaviy standartlarga muvofiq ikki bosqichli taʼlim jarayonini amalga oshiradi:

Birinchi bosqich — bakalavrlarni tayyorlash (kunduzgi boʻlimda 4 yil);

Ikkinchi bosqich — tanlangan magistrlik dasturi boʻyicha magistrlarni tayyorlash (2 yil).[5]

Kunduzgi taʼlim shakli boʻyicha yoʻnalish nomlari:
Yoʻnalish raqami Yoʻnalish nomi
60111400 Oʻzbek tili va adabiyoti
60111600 Oʻzga tilli guruhlarda oʻzbek tili
60230100 Filologiya va tillarni oʻqitish (oʻzbek tili)
60230200 Tarjima nazariyasi va amaliyoti (ingliz tili)
60230200 Tarjima nazariyasi va amaliyoti (rus tili)
60230200 Tarjima nazariyasi va amaliyoti (nemis tili)
60230200 Tarjima nazariyasi va amaliyoti (fransuz tili)
5120900 Oʻzbek—ingliz tarjima nazariyasi va amaliyoti
60230300 Matnshunoslik va adabiy manbashunoslik (oʻzbek tili)
60230900 Folklorshunoslik va shevashunoslik
60230800 Kompyuter lingvistikasi
60230700 Amaliy filologiya
60230600 Noshirlik ishi

Kechki taʼlim shakli boʻyicha yoʻnalish nomi:

60111400 — Oʻzbek tili va adabiyoti

Sirtqi taʼlim shakli boʻyicha yoʻnalish nomi:

60111400 — Oʻzbek tili va adabiyoti

Sirtqi (ikkinchi mutaxassislik) taʼlim shakli boʻyicha yoʻnalishlar nomi:

60111400 — Oʻzbek tili va adabiyoti

60230100 — Filologiya va tillarni oʻqitish (oʻzbek tili)[6]

Kunduzgi taʼlim shaklidagi magistratura mutaxassisliklari nomi:

70111401 — Oʻzbek tili va adabiyoti

70230101 — Lingvistika (oʻzbek tili)

70230103 — Folklorshunoslik va dialektologiya

70230201 — Qiyosiy tilshunoslik, lingvistik tarjimashunoslik (ingliz tili)

70230202 — Sinxron tarjima (ingliz tili)

70230203 — Badiiy tarjima (ingliz tili)

70230204 — Ilmiy-texnik tarjima (ingliz tili)

70230301 — Matnshunoslik va adabiy manbashunoslik

70230502 — Adabiyotshunoslik (oʻzbek adabiyoti)

70230502 — Adabiyotshunoslik (oliy adabiyot kursi)

70230801 — Kompyuter lingvistikasi

Universitetga kirish uchun qabul qoidalari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasining 2022-yil 22-apreldagi 13-son bayonining 1-ilovasiga muvofiq, bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga mos test sinovi topshiriladigan FANLAR MAJMUASI, BAHOLASH MEZONLARI, TEST TOPSHIRIQLARI SONI tasdiqlangan. Unga koʻra, quyidagi fanlar barcha abituriyentlar majburiy etib belgilangan:

1. Ona tili (oʻzbek rus, qoraqalpoq va boshqa tillar).

2. Matematika.

3. Oʻzbekiston tarixi.

Barcha uchun majburiy fanlarning har biridan 10 tadan jami 30 ta savol boʻlib, har bir toʻgʻri javob 1,1 balldan baholanadi. Demak, majburiy fanlar majmuasidan jami 33 ball toʻplash mumkin.

Bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga mos 2 ta fan boʻyicha esa 30 tadan test savoli taqdim etiladi. 1-fan boʻyicha har bir toʻgʻri javob 3,1 balldan, 2-fan boʻyicha har bir toʻgʻri javob 2,1 balldan baholanadi. Ixtisoslik hisoblangan 2 ta fandan olish mumkin boʻlgan eng yuqori ball 156 ball. Jami test sinovida olish mumkin boʻlgan eng yuqori koʻrsatkich 189 ballni tashkil etadi.

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga kirish uchun quyidagi 2 ta fandan test topshiriladi:

1. Filologiya va tillarni oʻqitish: oʻzbek tili — oʻzbek tili va adabiyoti/chet tili.

2. Oʻzbek tili va adabiyotini oʻqitish — oʻzbek tili va adabiyoti/chet tili.

3. Tarjima nazariyasi va amaliyoti (ingliz tili) — ingliz tili/ona tili va adabiyot.

4. Tarjima nazariyasi va amaliyoti (nemis tili) — nemis tili/ona tili va adabiyot.

5. Tarjima nazariyasi va amaliyoti (fransuz tili) — fransuz tili/ona tili va adabiyot.

6. Tarjima nazariyasi va amaliyoti (rus tili) — rus tili/ona tili va adabiyot.

7. Amaliy filologiya — oʻzbek tili va adabiyoti/chet tili.

8. Noshirlik ishi — ona tili va adabiyoti/chet tili.

9. Oʻzga tilli guruhlarda oʻzbek tili — oʻzbek tili va adabiyoti/rus tili.

10. Kompyuter lingvistikasi - oʻzbek tili va adabiyoti/matematika.

11. Folklorshunoslik va shevashunoslik — oʻzbek tili va adabiyoti/chet tili.

12. Matnshunoslik va adabiy manbashunoslik — oʻzbek tili va adabiyoti/chet tili.

Izoh: Taʼlim yoʻnalishlariga mos fanlar nomi 1-fan (3.1 ball), 2-fan (2.1 ball) tartibida yozildi.[7]

Axborot-resurs markazi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti Axborot — resurs markazida 10 ming nomdagi 30 mingga yaqin badiiy, ilmiy, ilmiy-ommabop, ijtimoiy — siyosiy adabiyotlar, 300 mingdan ortiq elektron resurslar, 5 mingga yaqin mobile kitoblar mavjud. Ularni quyidagi raqamlarda koʻrish mumkin:

• Siyosiy adabiyotlar — 2124 ta; • Ilmiy adabiyotlar — 3239 ta;

• Badiiy adabiyotlar — 8060 ta; • Kurs kitoblari — 13374 ta;

• Darsliklar — 3736 ta.

Shuningdek, kutubxonaning elektron hujjat fondidagi nashrlar soni 302 000 tani tashkil etadi. Ular quyidagilardan iborat:

• Oʻquv adabiyotlari — 13374 ta;

• Darsliklar — 5128 ta;

• Ilmiy adabiyotlar — 3518 ta;

• Chet tillardagi adabiyotlar — 1024 ta.

Qolaversa, universitet professor-oʻqituvchilari, respublikamizning mashhur tilshunos, adabiyotshunos olimlari, Xalqaro hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan universitetlarning olimlari, talabalari tomonidan ham kitoblar Axborot-resurs markaziga taqdim etilib kelinmoqda.

Alisher Navoiy asarlari qoʻlyozmasining faksimile nusxalari Rossiya,  Buyuk Britaniya, Turkiya, Ozarbayjon, Misr arab respublikalaridan keltirilayotganligi Axborot-resurs markazi fondida nodir manbalarning ham koʻpayayotganligidan, yangi tadqiqotlar uchun zamin hozirlayotganligidan dalolatdir.

Axborot-resurs markazida 40 kishilik oʻquv zali, 60 ta internet tarmogʻiga ulangan zamonaviy kompyuterlar, bir vaqtning oʻzida 100 nafar talaba foydalanishi mumkin boʻlgan Masofaviy oʻquv zali hamda kutubxonachilik qonun-qoidalariga muvofiq barcha jihozlar mavjud. ARM ish faoliyati: Dushanba — Shanba. 9:00 — 22:00.[8]

Xalqaro aloqalar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetining 50 dan ortiq xalqaro ilmiy muassasalar, taʼlim dargohlari bilan memorandum va shartnomalari mavjud. Xususan, Bilkent, Ankara Yildirim Boyazid, Kocatepa, Mashhad, Baku, Gazi kabi universitetlar bilan faol hamkorlik aloqalari oʻrnatilgan.

Hozirda universitetda 205 nafar xorijlik talaba tahsil olmoqda (2022), jumladan, 4 nafar doktorant, 19 nafar magistr, 182 nafar bakalavr bosqichi talabalari bor. Ulardan 3 nafari Xitoy Xalq Respublikasi, 155 nafari Afgʻoniston, 34 nafari Qozogʻiston, 2 nafari AQSH, 7 nafari Turkiya, bir nafardan Pokiston, Janubiy Koreya, Italiya, Polsha davlatlari vakillaridir.[9] Ayni paytda universitetda 76 nafar xorijlik professor-oʻqituvchilar dars mashgʻulotlari olib bormoqda, ulardan 5 nafari oflayn rejimda. Ular orasida AQSH, Turkiya, Rossiya Federatsiyasi, Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Tojikiston, Buyuk Britaniya, Ukraina, Nepal, Polsha, Serbiya kabi davlatlar vakillari bor. Shuningdek, universitetning 200 dan ortiq talabasi akademik almashuv doirasida xorijning nufuzli taʼlim muassasalarida boʻlgan[10].

Universitet hozirda 4 ta ERASMUS+ xalqaro loyihalarida faol ishtirok etmoqda. Ular Polsha, Venetsiya, Malta, Italiya kabi davlatlar bilan hamkorlikda yoʻlga qoʻyilgan.[11] Shuni taʼkidlab oʻtish kerakki, ToshDOʻTAU tashkil etilganiga koʻp yil boʻlmagan boʻlsada, universitet THE (Times Higher Education) xalqaro reyting agentligining The Impact Rankings reytingida 1001+ oʻrinni qoʻlga kiritishga muvaffaq boʻldi.[12] Gender tengligi hamda sifatli taʼlim boʻyicha dunyo universitetlari ichida top 300+ oʻrinni qoʻlga kiritgan.

ASSOSIATSIYALARGA AʼZOLIK

1. Markaziy Osiyoni oʻrganish xalqaro assosiatsiyasi (Janubiy Koreya)

2. Markaziy Osiyo universitetlar assosiatsiyasi (Qirgʻiziston, Turkiya)

3. Kavkaz universitetlari birlashmasi (Turkiya)

4. Oʻzbekiston-Amerika jamiyati (AQSH)

ERASMUS loyihalari

Hozirga qadar „CLASS+“ dasturi, „Dunyo giyohvandlikka qarshi“, „Gender tengsizligining oldini olish va istiqbol rejalarini ishlab chiqish“ kabi ERASMUS loyihalari doirasida 20 dan ortiq pedagog-xodimlar, 100 ga yaqin talabalar Ispaniya, Norvegiya, Italiya, Ruminiya, Malta, Kanada, Gresiya, Kolumbiya va boshqa davlatlarda malaka oshirdi.[13]

YOZGI MAKTAB

Ipak Yoʻli boʻylab ajoyib sarguzashtlar sari yoʻl olish va oʻzbek tilini oʻrganish istagidamisiz? ToshDOʻTAU yozgi maktabi sizga aynan shu imkoniyatni taqdim etadi. Ushbu yozgi maktabda siz oʻzbek tili, uning yorqin adabiyoti, qadimiy tarixi va ajoyib oʻzbek milliy taomlarini tanishtiruvchi oʻquv kurslarida taʼlim olish imkoniyatiga ega boʻlasiz.

ToshDOʻTAU yozgi maktabida oʻqib yozni qiziq va sermazmun oʻtkazasiz, jumladan, oʻz dunyoqarashingizni kengaytirish va oʻzbek madaniyatini anglash uchun noyob imkoniyatni qoʻlga kiritasiz. Shuningdek, universitetning malakali oʻqituvchi va gidlari sizni Oʻrta Osiyoning marvaridi boʻlmish ​​qadimiy shaharlar — Samarqand, Buxoro va Xivaga tashrif buyurib, ularning 2000 yillik tarixi bilan tanishtirishadi.[14]