Oʻzbekiston milliy kutubxonasi
Oʻzbekiston milliy kutubxonasi, Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi davlat milliy kutubxonasi — Oʻzbekistondagi eng yirik kutubxona; kutubxonashunoslik va bibliografiya boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining ilmiy-uslubiy markazi. Respublikaning maʼnaviy-madaniy markazi sifatida jamiyatning maʼnaviy va axborot ehtiyojlarini qondirish, fan, maorif, milliy madaniyatni boyitishga xizmat qiladi, mamlakatdagi barcha kutubxonalar uchun kutubxonachilik, bibliografiya, ilmiy tekshirish metodika va axborot ishlarini amalga oshiradi. Oʻzbekiston milliy kutubxonasi Xalqaro kutubxonalar assotsiatsiyasiga aʼzo.
Toshkent shahrida 1870-yilda Toshkent ommaviy kutubxonasi nomi bilan asos solingan. 1886-yildan Turkiston ommaviy kutubxonasi, 1919-yildan Turkiston xalq kutubxonasi deb atalgan. 1925-yildan Oʻzbekiston davlat kutubxonasi, 1929-yildan Oʻrta Osiyo davlat ommaviy kutubxonasi, 1934-yildan Oʻzbek davlat ommaviy kutubxonasi. 2002-yilda kutubxona fondi kitob palatasi tugatilganligi sababli, uning fondiga qoʻshildi va Milliy maqomini oldi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasarrufida. 1948-yilda Alisher Navoiy tavalludining 500 yilligi munosabati bilan kutubxonaga shoir nomi berilgan. Oʻzbekiston milliy kutubxonasi Respublika ilmiy-texnika kutubxonasi va Oʻzbekiston milliy kitob palatasini oʻzida birlashtirgan yirik bilim maskanidir. Fondida 6,5 mlnga yaqin kitob bor (2005); shundan 5,2 mln. kitob va davriy nashrlar, 541,7 ming mikrofilmlar, 2,073 mln. Ilmiy-texnika adabiyoti, 364,8 ming chet tillardagi adabiyot, 33,9 ming texnik normativ hujjatlar tashkil qiladi. Ular orasida oʻzbek va Sharq mumtoz adabiyoti namunalari (toʻplami), jahonning 75 dan ortiq tillaridagi kitoblar mavjud. 300 oʻrinli 9 ta qiroatxona, 20 oʻrinli internet markaz, media markaz, 10 oʻrinli internetga ulangan oʻquv kompyuter markazi bor. Kitobxonlarning oʻrtacha qatnovi yiliga 500 mingni, kitob berilishi 1,7 mln. nashrni tashkil etadi; 13 mingdan ziyod turli xususiyatga ega boʻlgan maʼlumotlar berish amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston milliy kutubxonasida quyidagi boʻlimlar mavjud: kitobxonlarga xizmat koʻrsatish; fondni butlash; adabiyotlarga ishlov berish va kataloglar boʻlimi, kitob saqlash; ilmiy-uslubiy; milliy bibliografiya; axborot; oʻsmirlar boʻlimi; madaniyat va sanʼat boʻyicha ilmiy axborot; chet el adabiyotlari; kutubxonalararo abonement (KAA); avtomatlashtirish va axborot texnologiyasi; ilmiy tadqiqot markazi; nashriyot-tahririyat; nodir va qadimiy nashrlar; depozitar saqlash fondi; nazorat-dispetcher, maʼmuriy xoʻjalik boʻlimi.
Oʻzbekiston milliy kutubxonasining asosiy vazifasi kitobxonlarga tezkor va sifatli xizmat koʻrsatish, yigʻilgan axborotni kitobxonga yetkazish, oʻtmishning boy tarixiy madaniy merosini, axloqiy gʻoyalarga toʻla asarlarni toʻla oʻrganishga yordam berishdir. Uning oʻta qimmatbaho va nodir nashrlar fondi kutubxona kitoblar toʻplamining faxri boʻlib, unda 15 mingdan ortiq nodir kitoblar va qoʻlyozmalari boʻlgan 250 mingdan ortiq nashrdan iborat materiallar saqlanadi. Ular orasida Oʻrta Osiyoning XX asr boshigacha boʻlgan tarixi, etnografiyasi, geografiyasi va madaniyatiga oid 594 jilddan iborat noyob ensiklopediya — „Turkiston toʻplami“, A. L. Kun tomonidan tuzilgan 1200 dan ortiq noyob fotosuratlarni oʻz ichiga olgan 4 qismli „Turkiston albomi“, Sh. Ibrohimov tuzgan „Taqvim“ (1871), davriy nashrlar, „Ostrog injili“ (1581), „Arifmetika“ (1703), „9 nemis injili“ (1489), „Sharq qutubxonasi“ (1697) va boshqalar mavjud. Oʻzbek adabiyotining yirik vakillari Choʻlpon, Fitrat, Abdulla Qodiriy, Usmon Nosir, Gʻafur Gʻulom, Abdulla Qahhor va boshqalarning hayotligida ilk bor nashr etilgan asarlari katta ahamiyatga ega. Kutubxona har yili fondini butlashning turli manbalaridan oʻrtacha 15-20 ming nusxa nashrlar oladi.
Kutubxona respublikada nashr etiladigan asarlarning 2 nazorat nusxasini oladi. 2003-yildan xorijiy davriy nashrlar obunasi uchun (u xoh qogʻozda, xoh elektron koʻrinishida boʻlsin) valyuta mablagʻi bilan taʼminlangan. 1956-yildan Xalqaro kitob ayirboshlash ishlari, 30 mamlakat va 150dan ortiq tashkilotlar bilan keng aloqalar yoʻlga qoʻyilgan. Jumladan, Germaniya (jahonning 125 nomdagi ilmiy jurnallariga obuna), AQSH (dissertatsiya avtoreferatlari va boshqalarning elektron bazasidan foydalanish) kompaniyalari bilan aloqalar oʻrnatilgan. Kutubxona mutaxassislari xalqaro konferensiya, seminarlarda ishtirok etadi, xorijda malaka oshiradi. Shuningdek, kutubxona muntazam uyushtiriladigan Oʻzbekistondagi Germaniya, AQSH, Shvetsariya, Rossiya, Ukraina, Xitoy, Yaponiya, Eron, Malayziya elchixonalari, xalqaro jamgʻarma va tashkilotlar (AQSH elchixonasi Axborot markazi, Jahon va Osiyo taraqqiyot banki vakolatxonalari va boshqalar) bilan faol hamkorlik qiladi. Bu aloqalar kutubxona fondini toʻldirish, turli anjumanlar oʻtkazish, kitob koʻrgazmalari, chet tillarni oʻrganish, malaka almashish, maʼrifiy ishlarda ishtirok etishda hamda kutubxonani texnika bilan jihozlash, nodir nashrlar va toʻplamlarni saqlashda oʻz samaralarini bermoqda. 1998-yildan kutubxonachilik jarayonlarini avtomatlashtirish, 1999-yildan vatan va chet el nashrlariga yangi elektron katalog tuzishga kirishilgan. 2000-yilda Oʻzbekiston milliy kutubxonasining 130 yilligi keng nishonlandi. Kutubxona adabiyotlar targʻibotining turli anʼanaviy va noanʼanaviy shakl va usullaridan unumli foydalanadi: kitob-rasmli koʻrgazmalar, adabiy-badiiy kompozitsiyalar, tasviriy sanʼat asarlari koʻrgazmalari va boshqalar tashkil qiladi. Yiliga 30 nomda metodik bibliografiya qoʻllanmalari, koʻrsatkichlar, yangi adabiyotlar katalogi, yoʻriqnoma qoʻllanmalari („Mustaqil Oʻzbekistonning muhim va unutilmas sanalari taqvimi“, „Oʻzbekiston Respublikasi madaniy hayoti koʻrinishi“, „Kutubxonachilik dunyosi“, „Oʻzbekiston madaniyati va sanʼati“ga oid yangi adabiyotlar va boshqalar) va boshqalar nashr etadi.
1998-yildan kutubxonachilik jarayonlarini avtomatlashtirish, 1999-yildan vatan va chet el nashrlariga yangi elektron katalog tuzishga kirishilgan. 2000-yilda Oʻzbekiston milliy kutubxonasining 130 yilligi keng nishonlandi. Kutubxona adabiyotlar targʻibotining turli anʼanaviy va noanʼanaviy shakl va usullaridan unumli foydalanar edi. 2012-yildagi qarorga muvofiq an'anaviy katalog faoliyati toʻxtatilib, elektron dasturlar: "UzNEEL, IRBIS, KADATA" lar faoliyati mavjud. Kitob-rasmli koʻrgazmalar, adabiy-badiiy kompozitsiyalar, tasviriy sanʼat asarlari koʻrgazmalari va boshqalar tashkil qiladi. Yiliga 30 nomda metodik bibliografiya qoʻllanmalari, koʻrsatkichlar, yangi adabiyotlar katalogi, yoʻriqnoma qoʻllanmalari („Mustaqil Oʻzbekistonning muhim va unutilmas sanalari taqvimi“, „Oʻzbekiston Respublikasi madaniy hayoti koʻrinishi“, „Kutubxonachilik dunyosi“, „Oʻzbekiston madaniyati va sanʼati“ga oid yangi adabiyotlar va boshqalar) va boshqalar nashr etadi.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Gosudarstvennaya biblioteka Uzbekistana imeni Alishera Navoi (1870—1970), T., 1977; Korniliysin A. I., Sudbm knig. T., 1994; Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston milliy kutubxonasi (eslatma), T., 2003. Abdusalom Umarov.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |