Kontent qismiga oʻtish

Ahmad polvon

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Ahmad Polvondan yoʻnaltirildi)

Ahmad polvon (Tolibboyev) (1865-1914 Toshkent shahri Shayxontohur mavzesi) – mashhur oʻzbek polvoni. Yoshligidan kurashga qiziqdi. 1895-yil mashhur nemis polvoni Rippel (vazni 133 kg) Toshkentga kelganda u bilan sirkda bellashdi va yengdi. Kuragi yerga tegmay yurgan quvalik Xoʻja polvon ham Ahmad polvonga bas kelolmadi (1904-yil). Ahmad polvon birinchi bor fransuzcha kurash musobaqasida ishtirok etib, 1911-yil Germaniya chempioni Gyugner ustidan gʻalaba qozondi.

Ahmad polvon nomi bilan mashhur boʻlgan bu inson asli kelib chiqishi Toshkentlik boʻlib, yoshligidan kurashga qiziqqan. Tarixdagi qoʻlyozma va sur’atlarga qarab hukm chiqarilsa, u kishi suyakdor, juda ham semiz emas, qaddi-qomati kelishgan, ancha xushsurat kishi boʻlgan. Beshyogʻoch dahasining Chaqar mahallasida tugʻilib oʻsgan, Oʻrta Osiyoda juda mashhur boʻlib birorta pahlavonga yengilmagan. Toshkentlik Moʻminjon Muxammadjonovning „Turmush urinishlari“ nomli kitobida keltirilishicha, 1895-yili 23-iyunda Toshkentga kelgan nemis pahlavoni Rippel bilan Toshkent sirkida kurash tushib yiqitgan. Maʼlum boʻlishicha yiqilgan pahlavon mayib boʻlib qolsa shikoyat qilmasligi shart qilib qoʻyilgan. Ammo kurash boshlanishidan bir necha daqiqa oʻtgach, Ahmad polvon raqibini yiqitib qoʻygan va doʻstlari u kishini olib qochib ketgan ekanlar. Alamiga chidolmagan Rippel oʻzini otib qoʻygan deb manbalarda keltirilgan. Bu vaqtda Ahmad polvon yigirma sakkiz yoshda boʻlgan. Yuqorida zikr etilgan kitobda Ahmad polvonning 1904-yilda Quvadan kelgan Xoʻja polvon bilan kurashgani va yiqitgani batafsil bayon etilgan. Bu davrga kelib Ahmad polvonning beliga yara chiqib tuzalmay yurar, kurash tushishga juda qiynalsa ham koʻpchilikning sazasini qoldirmas va kurashib yengar edi.

1907-1908 yillari Fargʻonadan yana bir Toʻpponcha polvon laqabi bilan mashhur pahlavon kelgan va Toshkent atroflaridan kelgan polvonlarning hammasini yiqitib, Ahmad polvonga talabgor boʻlgan ekan. Koʻpchilik kurash ishqibozlari yana Ahmad polvonni iltimos qilib kurashga majbur qilgan. Ahmad polvon oʻz odati boʻyicha kurashga tushish oldidan oʻz raqibiga iltimos qilib kurash tushmaslikka undar, hatto oʻzini yengilgan hisoblashga ham rozi ekanligini bildirgan. Ammo raqibi koʻnmagach, belbogʻini bogʻlab ikki qoʻlini koʻtarib raqibiga ushlatar, undan keyin esa oʻzi raqibining belbogʻidan havol ushlagancha kurash tushar ekan. Bu safar ham xuddi shunday boʻlgan, bir necha daqiqadan soʻng raqibini koʻkragiga olib, asta qulogʻiga: „Mehmonsiz siyladim“ deb yerga qoʻyadi. Bu kurash tugagach oʻz ishqibozlarini, yaʼni kurashga majbur qiluvchilarni chaqirib, choponini yechib orqasini koʻrsatgan. Polvonning belida 7 ta odamning mushtiday keladigan yara boʻlib hammasi yorilib, maddasi chiqib yotgan ekan. Shundan keyin hatto eng yaqin doʻstlari ham kurash tushishga undamaydigan boʻlib qolgan. Tibbiyotning ojizligidanmi yoki Ahmad polvon bilan kurashgan raqiblari belidagi hamma mushaklarini ezgʻilab tashlagani uchunmi, yaralar tuzalmas ahvolga kelgan.

Shunga qaramay 1911-yili Ahmad polvon birinchi bor fransuzcha kurash musobaqasida ishtirok etib, Germaniya chempioni Gyugner ustidan ham gʻalaba qozongan.

Ahmad polvon 1912-yil oxirlarida Makkaga Haj safariga ketgan. Makkai Mukarramaga yetgach, uch yil Haj mavsumini oʻtkazgan, otalari va akalari uchun Haj badal qilib, oʻzi ham Hoji boʻlib, 1915-yili qaytib kelgan.

Tirikchilik maqsadida Makka hokimidan eng katta meshni soʻrab olib, har kuni Zam-zam qudugʻidan bir mesh suv keltirar va Makka bozori va koʻchalarida: „Obi Xudoyi“ deb kishilarga ulashar ekanlar. Makka ahli bir ikki yamoq pul ehson qilsa, oʻsha pulga ovqat sotib olar va tirikchilik qilar ekan.

Makkadan qaytgach, Ahmad polvon zerikmaslik uchun Toshkentning Qoppon bozoridan (hozirgi Chorsu mehmonxonasining atrofi) bir alloflik doʻkon ochgan va shu yerda gʻallafurushlik qilgan. Qozoqlar keltirgan bugʻdoyni oʻlchashga tosh topilmasa, u kishi tarozining bir pallasiga chiqar va „Mening ogʻirligim bir botmon (176 kg) u yogʻiga gʻallani taxlayber“ der ekan. U kishi haqiqatdan ham juda ogʻir toshli oʻn bir pud keladigan kishi boʻlgan deb Toʻxtasin Tillaqori oʻgʻlining „Avlodlar shajarasi“ kitobida keltirilgan. Doim mingan otlarining beli bukilib, qorni osilib yurar ekan. 1920-yillarda doʻkonlar hukumat ixtiyoriga oʻtkazilgach, shahar vakillari kelib doʻkonni boʻshatishni talab qilganda, u kishi aytibdilarki: „Agar menga kuchinglar yetsa, tortib chiqaringlar!“. Shunda kelgan kishilar oʻn kishilab ham tortib doʻkondan chiqara olmagan ekan.

Ahmad polvon yozda Chilonzordagi bogʻda (hozirgi Chilonzor savdo markazining roʻparasi) yashar ekan. Vikipediya ochiq ensiklopediya manbalariga koʻra Ahmad polvonning yashab oʻtgan davri 1865-1914 yillarga toʻgʻri keladi. Ammo Toʻxtasin Tillaqori oʻgʻlining „Avlodlar shajarasi“ tarixiy qoʻlyozmasiga nazar tashlasak, Ahmad polvonning 1920-yillarda ham hayot boʻlganiga oid maʼlumotlar mavjud.

U kishidan oʻgʻil farzand boʻlmagan. Yagona qizlari boʻlgan. Aytishlaricha shu qizlaridan bir oʻgʻil dunyoga kelib, u uy qurilishi injeneri boʻlib yetishgan ekan. 1954-yilda Chilonzor qurilishi boshlangach, qaysidir uyning beshinchi qavatidan yiqilib, olamdan oʻtgan. Bola-chaqasi boʻlmagan. Shunday qilib Ahmad polvonning shajarasi tugagan.

Ahmad polvon Toshkent shahri Shayhontohur tumanidagi Zax ariq qabristoniga dafn etilgan

Bugungi kunda Toshkentning Shayhontohur tumanidagi koʻchalaridan biriga Ahmad polvon nomi berilgan.

Maqola Tillayev Firdavs tomonidan Toʻxtasin Tillaqori oʻgʻlining „Avlodlar shajarasi“ asari asosida tayyorlandi.

2023-yil Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Fiskal institutning „Fiskal yoshlari“ jurnali



  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil